Mavzular

Styled Document

1-MAVZU: XALQARO BAHOLASH DASTURLARI DOIRASIDA HUKUMAT QARORLARINING MAZMUN VA MOHIYATI. XALQARO BAHOLASH DASTURLARI DOIRASIDA O‘ZBEKISTON TA’LIM TIZIMIDA BAJARILAYOTGAN ISHLAR TAHLILI

REJA:

1.Oʻzbekiston Respublikasining ta’lim siyosati yuzasidan umumiy ma’lumot berish.

2.Xalqaro baholash tadqiqotlar yuzasidan umumiy ma’lumot berish.

3.PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

O‘quv fanining maqsad va vazifasi:

Fanning maqsadi- boʻlajak oʻqituvchilarga oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholashning yangi strategiya va usullari va ta’lim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS, EGMA va EGRA) yuzasidan nazariy bilim berish, ta’lim jarayoni sifatini tashxis qilish va baholashning innovatsion texnologiyalaridan foydalanish kompetensiyalarini shakllantirishdir.

Fanning vazifasi - ta’lim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS, EGMA va EGRA), uning tarkibiy yoʻnalishlari, ularda qatnashish orqali oʻquvchilarda amaliy koʻnikmalar, olgan bilimini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olish, fanlar boʻyicha savodxonligini rivojlantirish, shu bilan birga, milliy ta’lim sifatini oshirishda ahamiyati haqidagi nazariy bilimlar asosida amaliy malaka hosil qilishdir.

Fan bo‘yicha talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yiladigan talablar

Talabalar xalqaro baholash tadqiqotlari haqidagi ma’lumotlarni oʻzlashtirish jarayonida quyidagilarni:

xalqaro PISA, TALIS, PIRLS, TIMSS, EGMA va EGRA tadqiqotlarining mos yoʻnalishlari, ya’ni matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi, kreativ fikrlash hamda boshlangʻich sinflarda oʻqish savodxonligi yoʻnalishlarini bilishi kerak:

Mazkur kursni oʻrganish jarayonida talaba quyidagi:

- oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholashning yangi strategiya va usullarini;

- ta’lim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA va EGRA) tushunchalariga nisbatan zamonaviy yondashuvlar mohiyatini;

- ta’limga kirib kelayotgan yangi yondashuvlar, strategiyalarni oʻrganish, oʻz ish faoliyatiga moslashtira olish;

- ta’lim samaradorligi va uni baholashdagi muammolarni aniqlash, ularning yechimini topishni tahlil qilish;

- ta’limga kirib kelayotgan yangi innovatsiyalar, xalqaro baholash dasturlari asosida ta’lim samaradorligini oshirish;

- ta’lim jarayoni sifatini tashxis qilish va baholashning innovatsion texnologiyalaridan foydalanish;

- ta’lim jarayonida yuz berayotgan turli oʻzgarishlarga va yangilanish jarayonlariga tez va oson moslasha olish koʻnikmalariga ega boʻlishi kerak:

Fanni oʻzlashtirgan talaba quyidagi:

- oʻquvchilarning savodxonligini baholash boʻyicha PISA, TALIS, TIMSS, PIRLS, EGMA va EGRA kabi xalqaro dasturlar tajribalarini bilish va ulardan foydalangan holda darslarni samarali tashkil etish;

- oʻquvchilarning mantiqiy, tanqidiy va ijodiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash, tahlil qilish koʻnikma va kompetensiyalarini rivojlantirish usullarini oʻz faoliyatida joriy etish;

- oʻqituvchilik faoliyatida kasbiy mahoratini hamda ta’lim sifatini oshirish orqali xalqaro tadqiqotlarda ijobiy natijalarga erishish uchun zamin yaratish malakalarga ega boʻlishi kerak.

Foydalaniladigan pedagogik va axborot texnologiyalar va metodlar

Aqliy hujum, Test, Blits-so‘rov, Taqdimot, Suhbat, Munozara, Namoyish qilish, Muammoli usul, Konferensiya, Klaster, Insert, T-jadval, Nazorat savollari, Ochiq va yopiq savolli topshiriqlar, Mantiqiy topshiriqlar, Mulohazali o‘yin texnologiyalari.

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib, farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, ularning qobiliyat va iste’dodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yuksaltirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish hamda 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga murojaatnomasida 2021-yildagi xalqaro baholash jarayonlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish vazifalari belgilab berildi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining ta’lim tizimidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazuvchi hamda islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashuvchi nufuzli xalqaro tashkilotlar mavjud. O‘zbekistonning ushbu tadqiqotlardagi ishtiroki va natijalari dunyo hamjamiyatida umume’tirof etilishi, yosh avlodni xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda yangi innovatsion usullarda ta’lim olishini ta’minlash hamda olgan bilimlarini amalda samarali qo‘llay bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) turli sohalarda yuzaga kelgan muammolarning yechimini topish ustida izlanishlar olib boradi. Jumladan, ushbu tashkilot negizida ta’lim tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish maqsadida PISA (The Programme for International Student Assessment) – O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro dastur ishlab chiqildi. Iqtisodiy tashkilotning ta’lim sohasiga murojaat etishining boisi, har qanday soha uchun kadrlar avvalo maktablarda, oddiy sinfxonalarda ulg‘ayishidir. Shu ma’noda OECD tashkiloti a’zo davlatlarning ta’lim tizimiga qancha mablag‘ sarflayotgani va ular nechog‘li samara berayotgani reytingini tuzishni maqsad qildi. Keyinchalik bu tadqiqotga boshqa davlatlarning ham qiziqishi ortib, bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlar soni ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib, PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish hamda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni o‘tkazish orqali o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan milliy tizimni yaratish vazifalari belgilangan. Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash, tahlil qilish malakalari va kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida urg‘u bergan holda, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlarini joriy etish, o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro PISA, TIMSS, PIRLS va boshqa dasturlarda doimiy ishtirok etish nazarda tutilgan. Shu asosda o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro dastur (PISA), boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash xalqaro dasturi (PIRLS), o‘quvchilarning matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash dasturi (TIMSS), rahbar va pedagog kadrlarning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitish va ta’lim berish muhitini hamda ularning ish sharoitlarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro baholash (TALIS) dasturlarida ishtirok etishga kirishildi. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etildi. Milliy markazga xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida ishtirok etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash, xalqaro baholash dasturlarini ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, o‘qitishning innovatsion usullaridan foydalangan holda o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy tavsiyalar tayyorlash kabi vazifalar yuklatildi. Ta’lim sifatini baholashga yo‘naltirilgan PISA singari xalqaro baholash dasturlari O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilganligi sababli ularni shaffof va obyektiv o‘tkazish soha xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada pedagog kadrlarning xalqaro tadqiqotlar haqidagi tasavvurlarini boyitish, shu orqali ta’lim sifatini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida avvalgi tayyorlangan metodik qo‘llanmalar, topshiriqlar to‘plami, mashq daftarlarining mantiqiy davomi sifatida ushbu axborotnoma tayyorlandi. Mazkur axborotnoma (test topshiriqlari to‘plami) PISA dasturidagi o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan savodxonligi hamda innovatsion yo‘nalish sifatida kreativ fikrlash darajasini baholash yo‘nalishiga oid ma’lumotlar va topshiriqlar asosida tayyorlangan bo‘lib, unda 2000–2015-yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda foydalanilgan topshiriqlardan namunalar, ularni yechish bo‘yicha tavsiyalar hamda baholash me’zonlari keltirilgan. Axborotnomadan umumta’lim muassasalarida tegishli fanlar doirasida, sinfdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari davomida o‘quvchilarning savodxonligini baholash va oshirish, berilgan topshiriqlarni yechish orqali ularning ijodiy, mantiqiy, tanqidiy fikrlash va egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, 2021-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo COVID-19 pandemiyasi sababli 2022-yilga ko‘chirilgan PISA tadqiqotiga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanish uchun tavsiya etilgan. Darslikda berilgan topshiriqlardan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7-11-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari mustaqil ravishda o‘zlarining maktabda egallagan bilimlarini mustahkamlash, o‘zini sinab ko‘rish, mantiqiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida foydalanishlari ham mumkin. Darslikda berilgan topshiriqlar o‘qituvchi va o‘quvchilarga PISA tadqiqoti topshiriqlarining turlari, ularning berilish va bayon qilinish usullari, o‘ziga xos xususiyatlari haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Topshiriqlar namunalari PISA tadqiqotining topshiriqlari bo‘lib, ular muayyan fan yoki mavzularga mos kelishni ko‘zda tutmaydi. Shunday bo‘lsada, ba’zi hollarda fanlarning qaysidir mavzusiga tegishli bo‘lishi yoki hech qaysi mavzuga mos kelmasligi ham mumkin. PISA tadqiqotlarining ochiq topshiriqlarini atroflicha o‘rganish, shu topshiriqlarga o‘xshash yoki ularni yechishga yordam beradigan topshiriqlarni ishlab chiqishga qiziqqan, ilmiy tadqiqot olib borayotgan mutaxassislar uchun mazkur axborotnomadagi va darslikdagi materiallar munosib manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, PISA topshiriqlari yetuk tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bunga o‘xshash topshiriqlarni ishlab chiqish uchun alohida tayyorgarlik va chuqur bilim talab etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 8-dekabrdagi 997-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarining PIRLS, TIMSS, PISA va TALIS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish va ularda ishtirokini ta’minlash vazifalari belgilangan. Shuningdek, “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga koʻra, oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA dasturi reytingida Oʻzbekistonning 2030-yilga kelib, 30 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishiga erishish koʻzda tutilgan. Mazkur vazifalardan kelib chiqqan mazkur tanlov fani boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini ilgʻor xorijiy tajribalar, jumladan, xalqaro baholash tajribalari bilan tanishtirish, xalqaro mezon va talablar asosida baholash tizimi takomillashtirish, mavjud tizimni har tomonlama qiyosiy tahlil qilish, tegishli yoʻnalishdagi xalqaro va xorijiy tashkilotlar, agentliklar, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini oʻrganishda dolzarblik kasb etadi. Oʻquv fani xalqaro PISA, TALIS, PIRLS, TIMSS, EGMA VA EGRA tadqiqotlarining mos yoʻnalishlari, ya’ni matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi, kreativ fikrlash hamda boshlangʻich sinflarda oʻqish savodxonligi yoʻnalishlari boʻyicha ma’lumotlarni oʻz ichiga oladi.

2021-yilda o‘tkaziladigan PIRLS xalqaro baholash dasturida 60 ga yaqin davlatlar qatorida mamlakatimizdagi 4-sinf o‘quvchilari ham ilk marotaba ishtirok etadi.Tadqiqotlar 2001, 2006, 2011, 2016-yillarda o‘tkazilgan bo‘lib, 2021-yil tadqiqotning beshinchi davriyligi hisoblanadi. Har besh yilda o‘tkaziladigan PIRLS dasturi 4-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini xalqaro darajada baholaydi. Mazkur dastur 4-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlardan bilim darajasini baholaydigan TIMSS dasturini to‘ldirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Boston kollejidagi TIMSS va PIRLS xalqaro markazi, IEA tashkilotining Gamburg va Amsterdam shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi. O‘quvchilarning erishgan yutuqlarini baholash barcha o‘quvchilardan emas, balki ushbu qatlam vakillari sifatida tanlab olingan o‘quvchilardan ob’ektiv testlarni o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maktab direktorlari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, hattoki ota-onalardan so‘rovnomalar o‘tkazilib, ta’lim sifatiga ta'sir etuvchi omillarga doir qimmatli ma’lumotlar to‘planadi.

Xalqaro baholash tizimida boshlang‘ich ta’limning o‘rni. Mamlakatimiz innovatsion taraqqiyot yo‘lida shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir davrda kelajagimiz davomchilari bo‘lgan yoshlarning ijodiy g‘oyalari va ijodkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalar, xalqaro mezon va talablar asosida baholash tizimini takomillashtirish, shu yo‘lda xalqaro tajribalarni o‘rganish, mavjud tizimni har tomonlama qiyosiy tahlil qilish, tegishli yo‘nalishdagi xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga egadir. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish, xalqaro standartlar talablarining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston Respublikasida qo‘yilayotgan amaliy qadamlarga xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarning tashkil etilishi to‘g‘risida hukumat qarorining qabul qilinishi, Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasidek (IEA-International Association for the Evaluation of Educational Achiyevement) nufuzli tashkilot bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishini misol sifatida keltirish mumkin. Qariyib 60 yildan ko‘proq vaqt mobaynida IEA tashkiloti ta’limni qiyosiy o‘rganish sohasida yetakchi tashkilot bo‘lib kelmoqda.

Mazkur tashkilot ta’lim tizimida davlat siyosati va amaliyotning ta’sirini chuqurroq o‘rganish maqsadida ta’lim sohasida keng miqyosli tadqiqotlar olib boradi. Bu tadqiqotlar ta’lim jarayonlari va natijalarini ko‘rib chiqib, ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi o‘zaro bog‘liq omillarni qiyosiy tahlil qiladi. 1958-yildan buyon ushbu tashkilot ta’lim sohasiga oid ko‘plab mavzular bo‘yicha o‘ttizdan ortiq qiyosiy tadqiqotlarini o‘tkazdi. Jumladan, matematika va tabiiy fanlar (TIMSS), o‘qish savodxonligi bo‘yicha (PIRLS), o‘qituvchilarni ta’lim sifatini baholaydigan (TALIS), fuqarolik va fuqarolik ta’limi (ICCS), kompyuter va axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik (ICILS) kabi yo‘nalishlarda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari, umuman olganda ta’lim olish jarayonida erishgan yutuqlarini baholab kelmoqda. IEA tashkiloti tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarning aksariyati o‘quvchilarning akademik faoliyatini bir yoki bir nechta fanlardan yoki fanlararo uyg‘unlik asosida baholashni o‘z ichiga oladi, bu esa dunyo bo‘yicha umumiy va har bir mamlakat kesimida ta’lim jarayonlarini chuqur tahlil qilishga yordam beradi. O‘quvchilarning erishgan yutuqlarini o‘rganishda barcha o‘quvchilardan emas, balki ushbu qatlamning vakillari sifatida tanlab olingan o‘quvchilardan obyektiv testlarni o‘tkazish orqali baholanadi. Shuningdek, maktab direktorlari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, hattoki ota-onalardan so‘rovnomalar o‘tkazilib, maktabdagi ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, jumladan, maktab resurslari, o‘quvchilarning ta’lim olishga oid qarashlari, o‘qitish usullari hamda uy sharoitida o‘quvchilarning bilim olishi qanchalik darajada qo‘llab-quvvatlanayotganligiga doir qimmatli ma’lumotlar to‘planadi. Ushbu tadqiqotlar yuqori texnik va ilmiy talablar asosida o‘tkaziladi. Shuningdek, o‘rganilayotgan holatlarning xususiyatidan kelib chiqib, amaliy tadqiqotlar bilan birga kuzatuv kabi samarali usullardan ham foydalaniladi. Ushbu dasturning ko‘p yillar davomida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotganiga 2021-yilda 20 yil to‘ldi.

Progress in International Reading and Literacy Study (PIRLS) – boshlang’ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash uchun; Boshqacha qilib aytganda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalarini qay darajada rivojlanganligi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, o‘qish va o‘qitishni yaxshilash uchun ta’lim sohasidagi davlat siyosatiga oid ma’lumotlarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturidir. Trends in International Mathematics and Science Study (TIMSS) - 4 ва 8- sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o’zlashtirish darajasini baholash uchun; The Programme for International Student Assessment (PISA) - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash uchun; Shuningdek, PIRLS, yosh o‘quvchilar tomonidan maktabda va maktabdan tashqarida ta’lim olishning katta qismini tashkil etuvchi, ya’ni badiiy tajriba orttirish, ma’lumot olish va undan foydalanish ko‘nikmalarini baholash kabi ikkita keng qamrovli maqsadlarni ifodalaydi. Yana shuni aytish mumkinki, ushbu dastur zamon bilan hamnafas qadam tashlaydi hamda o‘zining baholash mezonlarini zamonaviy talablarga muvofiq ravishda takomillashtirib boradi. Bunga misol sifatida, 2021-yilda o‘tkaziladigan tadqiqotda o‘quvchilarga birinchi marta raqamli formatdagi topshiriqlarni taqdim etishni rejalashtirganini aytish o‘rinlidir. Raqamli formatga o‘tish bilan birga, internet muhitida boshqariladigan PIRLS onlayn o‘qishni kompyuterda baholash kabi o‘zgarishlar ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5712-son Farmonida 2030-yilga kelib PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish hamda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish asosida o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan ta’lim sifatini baholashning milliy tizimini yaratish vazifalari belgilangan. Shuningdek, konsepsiya doirasida o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash, tahlil qilish kompetensiyalari va malakalarining rivojlanishiga alohida urg‘u berishni hisobga olgan holda, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlarini joriy etish, o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda xalqaro PISA, TIMSS, PIRLS va boshqa dasturlarda doimiy ishtirok etish nazarda tutilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish yo‘lida PIRLS tadqiqotida muvaffaqiyatli ishtirok etish o‘ziga xos o‘rin tutadi. Shunday ekan, ta’lim sifatini baholash sohasidagi yangi xalqaro tadqiqot haqida xalq ta’limi tizimi xodimlari, o‘qituvchilar hamda ushbu sohaga qiziquvchilar uchun ma’lumotlar yetkazib berish maqsadida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan “Xalqaro tadqiqotlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash” nomli metodik qo‘llanma ishlab chiqildi. Mazkur qo‘llanmada PIRLS tadqiqoti, uning o‘ziga xos xususiyatlari, nazorat-sinov materiallarining ishlab chiqilishi haqida umumiy ma’lumotlar berilgan. Shu bilan birga, PIRLS tadqiqotining topshiriqlaridan, ya’ni matnlar va savollaridan bir nechta namunalar hamda ularning baholash mezonlari keltirilgan. PIRLS dasturi 2001-yilda Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA-International Association for the Evaluation Educational Achievement) tomonidan tashkil etilgan. Xalqaro tadqiqotni tashkil etish uchun barcha mas’uliyat (Massachusets, AQSh) Boston kollejiga yuklatilgan. Shuningdek, tadqiqot uchun topshiriqlarni tayyorlash Germaniya (Gamburg) ma’lumotlar markazida amalga oshiriladi. Xalqaro baholash dasturi PIRLS (Progress In International Reading And Literacy Study) dunyoning turli mamlakatlari milliy ta’lim tizimida o‘qish savodxonligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va natijalarni qiyoslashga yo‘naltirilgan. Tadqiqotlar 2001, 2006, 2011, 2016-yillarda o‘tkazilgan bo‘lib, 2021-yil tadqiqotning beshinchi davriyligi hisoblanadi. Shuni ta’kidlash joizki, 2021-yilda o‘tkaziladigan tadqiqotlar 2001-yildan boshlab uzluksiz qatnashib kelayotgan davlatlarning 20 yil davomida erishgan yutuqlarini baholash imkonini beradi. Har besh yilda o‘tkaziladigan PIRLS dasturi 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini xalqaro darajada baholaydi. Mazkur dastur IEA tashkilotining 4- sinf o‘quvchilarini matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini baholaydigan TIMSS dasturini to‘ldirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Boston kollejidagi TIMSS va PIRLS xalqaro o‘quv markazi IEA tashkilotining Gamburg va Amsterdam shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi. 2016-yildan boshlab qo‘shimcha tanlov asosida ePIRLS tizimi joriy qilingan bo‘lib, u o‘quvchilarning onlayn o‘qish savodxonligini baholashga mo‘ljallangan. Internet o‘quvchilar uchun ma’lumotlar olishning boshlang‘ich yo‘li hamda maktab fanlari doirasida izlanishlar olib borish uchun markaziy manba hisoblanadi. 2021-yilda o‘tkaziladigan PIRLS tadqiqotlarida dasturning birinchi marta raqamli formatga (digital PIRLS, lekin shu bilan birga an’anaviy qog‘oz format bo‘ladi) o‘tishi hamda PIRLS, 2016-yilda boshlangan internet muhitida boshqariladigan onlayn o‘qishni kompyuterda baholash ko‘zda tutilmoqda. PIRLS dasturida qatnashuvchi mamlakatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Masalan, dasturda 2001-yilda 35 ta mamlakat qatnashgan bo‘lsa, 2006- yilda 40 ta, 2011-yilda 45 ta, 2016-yilda 50 ta mamlakat va navbatdagi 2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda 57 ta mamlakatning ishtirok qilganlar. 2016-yilda tadqiqotga Rossiya Federatsiyasining 42 ta hududidan 206 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 4577 ta boshlang‘ich sinf o‘quvchilari jalb etilgan bo‘lib, tadqiqot natijalariga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. O‘qish savodxonligi o‘quvchilarning ilmiy va shaxsiy muvaffaqiyatini o‘sishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, PIRLS ta’lim sohasida olib borilayotgan siyosatning muvaffaqiyatga ta’sirini baholash uchun qimmatli vosita hisoblanadi.

O‘qish savodxonligi - jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma tilning shakllarini idrok etish va amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatidir. Ushbu nuqtayi nazar o‘quvchilarning o‘qishdan olingan ma’lumotlardan foydalanish qobiliyatiga tobora ko‘proq e’tibor qaratadigan zamonaviy jamiyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy e’tibor tushunishni namoyon qilishdan o‘zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda. PIRLSning o‘qishdagi yutuqlarni baholash doiralari IEA tomonidan 1991- yilda o‘qish savodxonligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan foydalangan holda, ilk marotaba, 2001-yildagi tadqiqotlar uchun ishlab chiqilgan. Shundan buyon PIRLSning baholash doiralari tadqiqotning har bir davri uchun, shu jumladan, 2021-yildagi tadqiqot davri uchun ham yangilandi. Hozirgi vaqtda PIRLS ta’rifiga ko‘ra, o‘qish savodxonligi jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma til shakllarini tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, matnlardan turli shakllarda ma’no hosil qila olish qobiliyati hamdir. O‘qish savodxonligining bu ko‘rinishi konstruktiv va interaktiv jarayon sifatida ko‘plab o‘qish nazariyalarini aks ettiradi. O‘quvchining matn bilan ishlashi jarayonida o‘quvchi va matn orasidagi muloqot orqali (shuning uchun ham bu jarayon interaktiv deyiladi) o‘quvchi ma’noni yaratadi (shuning uchun ham bu jarayon konstruktiv inglizcha “construct” - yaratmoq deyiladi). O‘quvchi bu jarayonning faol qatnashuvchisi bo‘lib, ma’no yaratadi, matn ustida mushohada yuritadi va samarali o‘qish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qo‘llaydi. Har bir matn turi odatiy shakl va qoidalarga amal qilgan holda o‘quvchiga matnni sharhlashga yordam beradi. Har qanday matn turli shaklga ega bo‘lishi mumkin. Bular an’anaviy kitoblar, jurnallar, hujjatlar va gazetalar, shuningdek, raqamli ko‘rinishdagi yozma shakllarni ham o‘z ichiga oladi. PIRLS yosh o‘quvchilarning sinfda va sinfdan tashqari o‘qishining ikkita keng qamrovli maqsadiga qaratilgan. Bular badiiy tajriba orttirish hamda ma’lumot olish va ulardan foydalanish uchun o‘qishdir.

Bundan tashqari, PIRLS o‘qish maqsadlarining har birida to‘rtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular:

1.Diqqatni jamlash va aniq ko‘rsatilgan ma’lumotlarni topish;

2.To‘g‘ridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish;

3.G‘oyalar va axborotni talqin qilish va uyg‘unlashtirish;

4.Kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilishdan iborat.

Butun dunyo bo‘ylab o‘qish savodxonligining rivoji odamlarning nima sababdan o‘qishlari bilan bevosita bog‘liq. Umuman olganda, bu sabablar zavqlanish va shaxsiy qiziqish uchun o‘qishni yoki ta’lim va jamiyat hayotida munosib ishtirok etishni o‘z ichiga oladi. Ko‘pgina yosh o‘quvchilarning dastlabki mutolaasi aksariyat hollarda hikoya (masalan, hikoya to‘plamlari yoki rasmli kitoblar) yoki o‘quvchilarga atrofidagi dunyo haqida ma’lumot beradigan va savollarga javob beradigan ma’lumotli matnlardan iborat bo‘ladi. Yosh o‘quvchi uchun o‘qish savodxonligining har ikki maqsadi ham muhim hisoblanadi. Shuning uchun PIRLS har bir o‘qish turini baholashda matnlarni teng bo‘lishni asosiy maqsad qilib olgan.

PISA tadqiqoti- Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti IHTT (OECD-Organisation for Economic Co-operation and Development) tomonidan amalga oshiriladigan dastur hisoblanadi.Tadqiqot ilk bora 2000-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, har uch yilda bir marotaba o‘tkazib boriladi. PISA tadqiqoti o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Jumladan:

1.Ta’lim sohasidagi eng yirik, keng ko‘lamli Xalqaro monitoring tadqiqotlaridan biri sanaladi;

2.Tadqiqotda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 15 yoshli o‘quvchilar ishtirok etadi;

3.Tadqiqotda o‘quvchilarning “hayotga tayyorlik” darajasi, ya’ni ularning maktabda egallagan bilim va ko‘nikmalarini hayotda qo‘llay olish layoqati baholanadi;

4.Tadqiqotda o‘quvchilarning matematika, o‘qish (matnni tushunish), tabiiy yo‘nalishdagi fanlar va global muammolarni hal etish sohasidagi funksional savodxonligi baholanadi;

5.Tadqiqotda ishtirokchi mamlakatlar ta’lim tizimining o‘ziga xosligi bo‘yicha ma’lumot olish imkonini beradigan kontekst axborot to‘planadi;

O‘zbekistonning PISA tadqiqotida ishtirok etishi uchun quyidagilar muhim ahamiyatga egadir:

-O‘zbekistonda umumta’lim maktablari bitiruvchilarining ta’lim olishni davom ettirishga qay darajada tayyorgarligini aniqlash;

-Mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’limni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash;

-O‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlari, shuningdek, turli mamlakatlarning ta’lim tizimlari haqidagi qiyosiy ma’lumotlarni olish;

Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda milliy innovatsion tizimni rivojlantirish hamda innovatsion potensialini takomillashtirmoq mamlakatning iqtisodiy o‘sishning eng muhim omillari hisoblanmoqda. Shuning uchun mazkur omillarni tadqiq etish muammolari dunyoning ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar uchun dolzarbdir.

Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada xalqaro baholash dasturlari tadqiqotlariga tayyorgarlik natijalari sarhisobi, taʼlim sifatini baholash boʻyicha mahalliy ekspertlar tadqiqotlari natijalari tahlil etilmoqda.

Dunyoda yuzdan ortiq davlat oʻz mamlakatida joriy etilgan taʼlim sifatini xolisona baholash maqsadida PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS, EGRA hamda EGMA kabi xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etadi. Jumladan, Oʻzbekistonning ham birinchi marta PISA va boshqa xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etishi koʻzda tutilgan va bugungi kunda qatnashib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida 2030-yilga borib PISA oʻquvchilarni baholash dasturi reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish boʻyicha vazifalar belgilangan.

PISA, TIMSS va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “STesting” loyihasi doirasida 100 dan ortiq tayyorgarliklar uchun video yaratildi va “STesting” platformasi ishga tushirildi.

Bu platforma oʻquvchilarning xalqaro baholash dasturlari doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan elektron tizim va video mahsulotlarni oʻz ichiga olgan. Unga 1500 tadan ortiq test joylashtirilgan.

Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, testlarni yechish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan mazkur elektron platforma sentyabr-oktyabr oylarida muayyan maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazildi. Eng muhim jihatlardan biri ushbu platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Bugunga qadar ushbu platformada 2,6 milliondan ortiq oʻquvchi roʻyxatdan oʻtgan va ularning diagnostik baholash natijalari tahlil qilingan. Erishilgan dastlabki natijalar toʻgʻrisida xalqaro tashkilotlar, hukumat vakillariga maʼlum qilinib, hamkorlikdagi faoliyatni samarali tashkil etish boʻyicha fikr almashilmoqda. Mamlakatimiz ishtirok etadigan xalqaro taʼlim sifatini baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik doirasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Konferensiyada koʻzda tutilgan asosiy maqsad “STesting” platformasi orqali uch oy mobaynida barcha maʼlumotlar tahlilini keng ommaga yetkazishdan iborat. Biz bejiz turli xalqaro hamkor tashkilotlarni taklif etmadik. Chunki har biri bilan taʼlim sifatini oshirishga bogʻliq alohida loyihalarimiz bor. Matematik savodxonlikni oshirish, milliy baholash tizimini ishlab chiqish, oʻzbek tilining toʻrtta koʻnikmasiga asoslangan tizimni yaratish, joriy etilayotgan yangi avlod darsliklari boʻyicha oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Ular ham shu konferensiya doirasida bu borada erishgan yutuqlari va bajarayotgan ishlari, istiqboldagi rejalar haqida taqdimot qilishyapti.

– Mamlakatimizda berilayotgan taʼlim sifatiga xalqaro doiradagi ekspertlarning bahosi juda muhim. Sababi, hech qaysi mamlakat oʻz taʼlim tizimiga xolis baho bera olmaydi. PISA tadqiqotlari esa dunyoning yuzdan ortiq mamlakatida standartlashtirilgan testlar orqali oʻtkaziladi. Taʼlim rivojlangan mamlakatlardagi 15 yoshdagi bolalarning bilim darajasini bir xil mezonda oʻlchash imkonini beradi. PISA tadqiqotlarida Oʻzbekistonning ishtiroki mamlakatda taʼlim sifati nechogʻlik darajada ekanini xalqaro miqyosda koʻrsatadi. Bu nima uchun muhim? Avvalo, taʼlimdagi oʻzgarishlarda toʻgʻri yoʻldan ketyapmizmi, degan savolga javob topiladi. PISA tadqiqotlarida shunday savollar beriladiki, bu qaysidir bir faktga asoslangan boʻlmaydi. Bitta savolda bir nechta fanlar elementlari jamlangan va unda kimyo, fizika, biologiya ham boʻlishi mumkin. Test bolalarning mustaqil hayotga nechogʻlik tayyorligini baholaydigan sinov.

Hozirgi kunda milliy oʻquv dasturi ishlab chiqilmoqda. Milliy oʻquv dasturi doirasida bolalarga endi nazariy bilim emas, hayotiy koʻnikma va malaka berish ustida ish olib borilmoqda. Shu orqali biz xalqaro baholash dasturlarida natijaga erishishimiz mumkin.

– Oʻzbekiston xalqaro baholash tizimi (PISA)ga kirish boʻyicha xohish bildirgani juda ham muhim. Chunki PISA taʼlimni qanday qilib takomillashtirish mumkin boʻlgan barcha savollarga javob tizimi hisoblanadi. Bu, albatta, katta tayyorgarlik talab etadi. Juda koʻp mutaxassislar buning ustida ishlaydi. Lekin yakunda biz obeʼktiv maʼlumotni olish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Oʻzbekiston taʼlim tizimi 2030-yilga borib aynan PISA xalqaro baholash dasturida birinchi oʻttiztalikka kirishi uchun zarur koʻmak beramiz. Bundan tashqari, milliy baholash tizimini ham hozir shakllantirish harakatidamiz. Mazkur milliy tizim juda ham muhim. Chunki uning bir nechta komponenti boʻladi. Bu sizga qiz va oʻgʻil bolalar kesimida viloyatlar, tumanlar, shaharlarni taqqoslash imkoniyatini yaratadi. Biz qayerda kamchilik, boʻshliq borligini bilgan holda zarur chora-tadbirlar koʻramiz. Mazkur xalqaro konferensiya yakunida xalqaro baholash tadqiqot dasturlariga tayyorgarlik, erishilgan yutuq va kamchiliklarni aniqlash, xalqaro baholash dasturi natijalari asosida umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini baholash milliy tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda maktab oʻquvchilarining kelajakdagi xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik darajasini oshirishga doir takliflar tayyorlash koʻzda tutilgan.

Maktab o‘quvchilari bilimini baholash bo‘yicha PISA tadqiqotlarida ishtirok etishi

2022- yilda O‘zbekiston Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturida (Program for International Student Assessment, PISA) ishtirok etadi. O‘zbekistonni ushbu xalqaro dasturga tayyorgarlik ko‘rishiga Rossiya ta’lim akademiyasining Ta’limni rivojlantirish strategiyalari instituti Ta’lim sifatini baholash markazi ko‘maklashmoqda.

2022-yil 24−25 avgust kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Jahon bankining READ dasturi doirasida Xalq ta’limi vazirligi va Rossiya Ta’lim strategiyalarini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda “Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish – inson kapitalini rivojlantirish omili” mavzusida Rossiya ta’lim akademiyasi Ta’limni rivojlantirish strategiyalari instituti Rossiya ta’lim sifatini baholash markazi rahbari Galina Kovaleva ishtirokida xalqaro onlayn vebinar o‘tkazilgandi.

Ma’lumot uchun, Galina Kovaleva 1993-yildan buyon Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA)da, 2013-yildan boshlab PISA xalqaro tadqiqotlari boshqaruv kengashida Rossiyaning vakili hisoblanadi. 1989- yildan 2018-yilgacha milliy koordinator sifatida Rossiyada umumiy ta’lim sifati bo‘yicha– IAEP, TIMSS, CIVIC, PIRLS, PISA xalqaro qiyosiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etgan. 1994-yildan hozirgi paytgacha TIMSS xalqaro tadqiqot dasturi doirasida tabiiy fanlar bo‘yicha ta’lim yutuqlarini baholash vositalarini ishlab chiqadigan xalqaro ekspertlar guruhi ishida qatnashmoqda. Amalga oshirilgan ishlar rus va xorijiy nashrlarda (200 dan ortiq ishlari) e’lon qilingan. Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?

–Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ushbu masalada aynan bizning institutga hamkorlik va yordam borasida murojaat qilib, tashabbus bilan chiqqanligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Rossiya xalqaro tadqiqotlarda 1988-yildan (30 yil) buyon, PISA xalqaro tadqiqot dasturlarida esa tadqiqotning ilk davri – 2000 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Men 2000−2020 yillarda Rossiyaning PISA xalqaro tadqiqotlari bo‘yicha milliy koordinatori bo‘lganman.

Shuningdek, hamkorligimiz dastlabki kunlardanoq juda yaxshi va samarali tashkil etilganini e’tirof etmoqchiman. Biz READ (Rossiya Moliya vazirligi va Jahon banki o‘rtasidagi Rossiya ta’limini rivojlantirish va ko‘maklashish dasturi) doirasidagi ilk seminarda ishtirok etish uchun Moskvaga kelgan delegatsiyani yaxshi eslaymiz. (2019- yil fevral).

Mazkur loyiha doirasida o‘zbekistonlik hamkasblarimizga birinchi tayyorgarlik uchun Moskvada ilk seminarlar tashkil etilgan edi. Ushbu seminar uchun barcha viloyatlardan mutaxassislar tanlab olingani, ular bilan tayyorgarlik ishlari, suhbatlar olib borilgani va juda katta qiziqishga ega bo‘lgan mutaxassislar tashrif buyurgani bizni qoyil qoldirgan va xursand qilgan. Oldiga aniq maqsad qo‘yilgan mutaxassislar bilan ishlash biz uchun ham yaxshi maktab bo‘lgan edi. Zero, mamlakat xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishni o‘z oldiga aniq maqsad qilib qo‘ygan. Prezident va hukumat tomonidan ta’lim tizimi oldida aniq vazifalar qo‘yilgani, bu shunchaki ta’lim holatini nazorat qilish emas, balki ta’lim tizimining qanday ahvoldaligi haqida ma’lumot beradigan, ta’lim sifatini yaxshilashga ko‘maklashadigan va uni yanada raqobatbardosh qiladigan yo‘nalish ekanligi hammaga tushuntirilganligiga amin bo‘ldik.

Bizning nazarimizda, birgalikda o‘tkazayotgan seminarlarimiz O‘zbekistonning raqobatbardoshligini global oshirish mexanizmi hisoblangan xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga tayyorlash uchun juda muhim. Umid qilamizki, ushbu seminar doirasida muhokamadan so‘ng o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini yaratishga kelishib olamiz. O‘zbekiston ta’lim inspeksiyasi va vazirlik tomonidan o‘zbekistonlik va rossiyalik pedagoglar, metodistlar va ta’lim sohasi mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratildi. Ushbu platforma orqali biz tajriba almashish va turli mamlakatlarning natijalarini o‘rganish, tadqiqotga qanday tayyorgarlik ko‘rishlarini tahlil qilish va mamlakatni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash vositalarini birgalikda ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz. Ishonchim komilki, o‘zbekistonlik hamkasblarimning professional darajasi, qiziqishi va motivatsiyasi yaqin orada yaxshi natija beradi. Shuning uchun ham men hamkorligimizni yuqori baholay olaman.

Xalqaro tadqiqotlardagi natijalarni yaxshilash uchun o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash va ta’lim jarayonida o‘qitish metodikasi va ustuvor tamoyillarni o‘zgartirish zarur. Buning uchun biz o‘qituvchilarni tayyorlashimiz, rivojlantiruvchi ta’limning yanada faol tizimini tatbiq etishimiz va o‘qituvchilarni ta’lim jarayonida yanada muvaffaqiyatli foydalana oladigan materiallar bilan ta’minlashimiz kerak. Bu eng muhimi va siz hozir to‘g‘ri yo‘ldasiz, ancha oldin PISA va PIRLS tadqiqotlari topshiriqlari xususiyatlarini ochib beruvchi materiallar bilan to‘plamlarni chop etdingiz. Endi esa bu vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirib, paydo bo‘layotgan muammolarni hal qilish ustida ishlash kerak.

Mamlakatingiz ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etayotgani uchun hozircha aniq natijalar yo‘q va bir narsa deyish qiyin. Lekin bu bo‘yicha o‘z taxminlarimni aytishim mumkin. Matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar o‘qish savodxonligi bo‘yicha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ladi deb o‘ylayman. Gap shundaki, PISAda o‘qish savodxonligini baholash vositalari keskin o‘zgargan. Bu borada Rossiya natijalari ham 2018-yilda bir oz yomonlashganini ko‘rdik. Shuningdek, o‘quvchilarning test sinovlarini baholash uchun yangi baholash formati (kompyuter platformasi) joriy qilinibgina qolmay, balki o‘quvchilarga butunlay boshqa matnlar taklif etildi: ko‘p o‘lchovli matnlar, ziddiyatlarni aniqlash, nuqtai nazarni yoki manbalar sifatini aniqlash kerak bo‘lgan matnlar. Shuning uchun bu yo‘nalishda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining natijalarida uncha katta siljish bo‘lmasligi mumkin, deb o‘ylaymiz. Lekin umid qilamizki, matematika va tabiiy fanlardan, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya kabi mamlakatingiz ham dastlabki bosqichlarda yaxshi natijalar ko‘rsatadi.

Savol-javob orqali bilimlarni mustahkamlash:

1.Xalqaro baholash tizimida boshlang‘ich ta’limning o‘rni qanday?

2.PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalarini qanday hosil qilish mumkin?

3.PISAda ishtirok etish O‘zbekistonga nima beradi?

4.Mazkur tashkilot ta’lim tizimida davlat siyosati va amaliyotning ta’siri qanday?

5.Xalqaro ekspert sifatida MDH davlatlari ta’lim tizimi va ularning xalqaro tadqiqotlar borasidagi tajribasi qanday?

6.PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun nima qilish kerak?

7. 2019-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida nimalar nazarda tutilgan?

8. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro baholashga oid chiqarilgan qaror va farmonlar va o‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy, tajriba almashish seminarlarini yozing.

Yangi resurslar haqida habardor bo‘lish!

Tizimda amalga oshiriladigan yangiliklar va o‘zgarishlar haqida doimo xabardor bo‘lib borish uchun bizga o‘z email pochtangizni qoldiring. Yangi resurslar haqida xabardor qilamiz.