Mavzular

Converted

3-MAVZU: PIRLS XALQARO BAHOLASH DASTURI MAZMUN VA MOHIYATI. BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARINI O‘QIB TUSHUNISH DARAJASINI TEKSHIRISH VA ULARNI BAHOLASH DASTURLARIGA TAYYORLASH

REJA:

PIRLS oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini baholovchi xalqaro dasturning oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalari.

PIRLS – ma’lumotlarni raqamli baholash

PIRLS tadqiqotidagi savol turlari.

Xalqaro baholash tadqiqotlari o`tkazishning tashkiliy masalalari

Tayanch tushunchalar: O‘qish savodxonligi, xalqaro baholash, xalqaro dastur, raqamli baholash, kodlash, PIRLS, tadqiqot vositalari

PIRLS oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini baholovchi xalqaro dasturning oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalari.

Ma’lumki, o‘zgarishlar davrida ta’lim tizimi ijtimoiy jarayonlardan kelib chiqqan holda shiddat bilan rivojlanishni taqozo etadi. Ta’lim orqali jamiyatda kelajakdagi vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli farmoniga muvofiq umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish hamda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish asosida o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan ta’lim sifatini baholashning milliy tizimini yaratish vazifalari belgilangan.

PIRLS (Progressin International Reading Literacy Study – xalqaro o‘qish savodxonligini o‘rganishdagi yuksalish) – bu turli mamlakatlarda boshlang‘ich sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi yoshlarning matnni o‘qish va tushunish darajalari sifatini baholab beruvchi xalqaro baholash tizimidir. Ushbu sinov turi har 5 yilda bir marta o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning oxirgi 2016-yilgi tadqiqotlari natijalariga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekistonning PIRLS xalqaro tadqiqotlarida erishgan natijasi e’lon qilindi. Butun dunyo bo‘ylab Taʼlim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA – International Association for the Evaluation of Educational Achievement) tomonidan 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholaydigan PIRLS tadqiqotlari o‘tkaziladi. 2021-yilda ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston 57 mamlakat orasidan 49 o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar PIRLS dasturi uchun qabul qilingan o‘rtacha balldan (500) sezilarli past (437 ball) natija qayd qilgan. Mazkur tadqiqotda Singapur 1-o‘rinni zabt etgan bo‘lsa, Janubiy Afrika oxirgi o‘rinni band etdi.

PIRLS oʻqish taʼlimini takomillashtirish uchun dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkoniyatini beradi. Davlatlar PIRLS dan quyidagi maqsadlarda foydalanadilar.

global miqyosida taʼlim tizimi darajasidagi yutuqlarning tendensiyalarini kuzatib borish;

yangi yoki qayta koʻrib chiqilgan taʼlim siyosatining taʼsirini kuzatib borish;

taʼlimning zaif nuqtalarini belgilash va oʻquv islohotini amalga oshirish;

PIRLS maʼlumotlarini tadqiq va tahlil qilish orqali oʻqitish va oʻqishni takomillashtirish;

adolatlilikni kuzatish yoki qoʻshimcha sinflarda oʻquvchilarni baholash kabi tegishli ishlarni olib borish;

oʻqishni va oʻqitishni oʻrganish.

O‘zbekistonning nomi 57 ta davlat va 8 ta iqtisodiyotlar qatnashgan PIRLS 2021 yirik xalqaro tadqiqoti ishtirokchilari qatoridan o‘rin oldi. Ta’kidlash joizki, yurtimizdagi ijobiy islohotlar doirasida Hukumat qaroriga asosan Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlari milliy markazi tashkil etilib, xalqaro IEA tashkiloti bilan olib borilgan to‘rt yillik chora-tadbirlar natijasida ushbu xalqaro tadqiqotda O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlashga erishildi. Ushbu tadqiqot orqali boshlang‘ich ta’lim sifatini xalqaro darajada solishtirish, oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi boʻyicha natijalarini taqqoslash, ota-onalar va o‘qituvchilarning ro‘li, farzandlarning taʼlim olishlari uchun maktab va uydagi sharoitlar boʻyicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli maʼlumot olish imkoniyatlari paydo boʻldi. Mazkur 5 yilda o‘tkaziladigan tadqiqotning keyingi 2026-yildagi davriyligida ishtirok etish orqali mazkur sohalardagi o‘zgarishlarni kuzatib borish mumkin bo‘ladi. Tadqiqot mualliflarni natijalarni o‘qish ko‘nikmalari darajalari bo‘yicha 4 guruhga (past daraja– 400 ball, o‘rtacha– 475 ball, yuqori – 550 ball va rivojlangan– 625) bo‘lishganda, O‘zbekistonlik o‘quvchilarning 70%i quyi va 34%i o‘rtacha natijalarni qayd etishgan, o‘quvchilarning 7%i yuqori natijalarga erisha olgan, rivojlangan darajasiga erishgan o‘quvchilar esa yo‘q.

Solishtirish uchun: Singapurda “rivojlangan” darajasiga yetgan o‘quvchilar ulushi 35%ni tashkil qilgan. Sobiq post-sovet davlatlaridan Rossiyada “yuqori” darajaga yetgan o‘quvchilar ulushi 63%ni, Litvada 54%ni, Latviyada – 40%, Gruziyada– 25%, Qozog‘istonda– 28% va Ozarbayjonda 11%ni tashkil qilgan. Xalqaro miqyosda esa o‘quvchilarning 36% yuqori va 75%i o‘rtacha natijalarga erisha olgan.

Izoh: yuqori darajaga erishgan o‘quvchilar quyi darajaga ham erishgan hisoblanadi, shuning uchun bu kategoriyada davlatdagi har bir kategoriyaga erishgan o‘quvchilar foizi qo‘shilganda yig‘indi 100%dan ko‘p chiqadi. Misol uchun, Singapurda “rivojlangan” darajasiga erishgan o‘quvchilar 35%ni, yuqori– 71%, o‘rtacha– 90% va quyi– 97%ni tashkil qiladi.

O‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha yuqori darajaga (550 ball) erishgan o‘quvchilar ulushi.

Tadqiqotda qatnashgan o‘quvchilar orasida qiz bolalar o‘g‘il bolalarga nisbatan yuqoriroq natijalarni qayd etishgan: qizlar va o‘g‘il bolalar natijalari orasidagi o‘rtacha farq 16 ballni tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu farq 24 ballni tashkil qilgan (o‘g‘il bolalarning o‘rtacha balli – 425, qizlarniki– 449 ball). O‘g‘il bolalar va qizlarning o‘qish savodxonligi ko‘rsatkichlari orasidagi eng kichik farq Ispaniya (2 ball), Chexiya va Isroilda (4 balldan) kuzatilgan bo‘lsa, eng katta farq Ummon, Iordaniya (36 balldan), Bahrayn (49 ball) va Janubiy Afrikada (57 ball) qayd etilgan. Matn turlari (axborot matni va badiiy matn) bo‘yicha solishtirilganda O‘zbekistonlik o‘quvchilar badiiy matnni axborot matniga qaraganda nisbatan yaxshiroq tushunishlari qayd etilgan: badiiy matnni tushunish bo‘yicha o‘rtacha ball 438 ni tashkil qilgan bo‘lsa, axborot matni uchun bu ko‘rsatkich 434 ga teng bo‘lgan. O‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha solishtirilganda, O‘zbekistonlik o‘quvchilar ochiq aytilgan ma’lumotni topish va talqin qilish ko‘nikmalari bo‘yicha yuqoriroq natija (441 ball) qayd etishgan. Nisbatan yuqoriroq darajadagi ko‘nikma hisoblanuvchi talqin qilish, integratsiya (ma’lumotlarni birlashtirish) va baho berish ko‘nikmalari bo‘yicha esa sezilarli past natija (430 ball) qayd qilingan. Umuman olganda, jami 15 davlat, shu jumladan, AQSh, Shimoliy Irlandiya, Avstraliya, Gruziya, Irlandiya, Latviya o‘quvchilari yuqori darajadagi o‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha balandroq natijalarni qayd qilishgan.

Tadqiqot o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi ularning o‘qish natijalariga ta’sir qilishini ko‘rsatgan. O‘zbekistonda ham yuqori, o‘rtacha va quyi ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlarining natijalari o‘rtasida sezirlarli farq kuzatilgan. Shuningdek, boyroq oilalarning farzandlari ulushi ko‘proq bo‘lgan maktablarda o‘quvchilar nisbatan yuqoriroq natijalar qayd etishi aniqlangan.

Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishining o‘quvchining o‘qish natijalariga ta’siri: turli ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlari natijalarining O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha ball bilan solishtirilishi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ota-onalarning kitob o‘qishga bo‘lgan munosabati ham o‘quvchilarning natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda “kitob o‘qishni juda yoqtiradigan” ota-onalarning farzandlari o‘rtacha 449 ball, “kitob o‘qib turadigan”larning farzandlari 431 ball va “kitob o‘qishni yoqtirmaydigan”larning farzandlari 401 ball natija ko‘rsatishgan.

Tadqiqotda, shuningdek, maktabga chiqishdan oldin oddiy o‘qish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan o‘quvchilar 4-sinf oxiriga kelib maktabga chiqishdan oldin o‘qish yoki yozishni bilmagan o‘quvchilarga nisbatan yuqoriroq natijalar ko‘rsatishi qayd etilgan. Masalan, O‘zbekistonda maktabdan oldin yaxshi o‘qiy olgan o‘quvchilar bilan maktabgacha o‘qishni bilmagan o‘quvchilar natijalari o‘rtasidagi farq 36 ballni tashkil qilgan.

Shuningdek, tadqiqotda maktabdagi resurslar, tartib-intizom va xavfsizlik ham o‘quvchilarning natijalariga ta’sir qilishi aniqlangan. Tadqiqotda qatnashgan O‘zbekistonlik o‘quvchilarning 49%i u yoki bu darajada resurslar yetishmasligi mavjud maktablarda, 35%i tartib-intizom bilan o‘rtacha yoki jiddiy muammolar bor maktablarda o‘qishi qayd etilgan.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, COVID-19 pandemiyasi tadqiqot natijalariga ta’sir qilgan, biroq oldingi tadqiqotlarda (2016-yil va undan oldin) ham qatnashgan davlatlarning 2021-yilgi va oldingi natijalarini solishtirganda aynan pandemiya bu natijalarga qanchalik ta’sir qilganligini aytish qiyin, chunki davlatlarning pandemiya ga qarshi turish bo‘yicha ko‘rgan choralari har xil bo‘lgan. Tadqiqotda qatnashgan aksar davlatlarda 2021-yil natijalari 2016-yil natijalariga qaraganda pastroq bo‘lgan, biroq Kipr, Misr, Fransiya, Gonkong, Ummon, Singapur va Turkiya 2021-yilda 2016-yilga nisbatan yuqoriroq natija qayd etishgan, Shimoliy Makedoniyada esa natijalar o‘zgarishsiz qolgan. O‘zbekiston bu tadqiqotda 2021-yildan oldin qatnashmagan. Ma’lumot uchun: O‘zbekistondan tadqiqotda 2016-yilda 1-sinfga borgan o‘quvchilar qatnashgan. Bundan oldin UNICEF o‘tkazgan tadqiqot 4-sinf o‘quvchilarining yarmidan ko‘prog‘i o‘qigan matnini tushunmasligini .

Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi butun dunyo bo‘ylab ta’limni baholash, tushunish va yaxshilash bo‘yicha ish olib boradigan milliy tadqiqot institutlari, tadqiqot agentliklari, olimlar va tahlilchilarning xalqaro hamkoridir. Mazkur notijorat va mustaqil tashkilot tarmog‘ida 60 dan ziyod mamlakatlar hamda 100 dan ortiq ta’lim muassasalari ishtirok etmoqda. 1958-yildan buyon IEA o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar hamda o‘qish salohiyati bo‘yicha savodxonliklarini baholash jarayonida ta’lim tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar hamda maqbul tavsiyalar yaratishi bilan boshqa xalqaro tashkilotlardan ajralib turadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev hamda Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA – International Association for the Evaluation of Educational Achiyevement)ning Amsterdamdagi direktori Andrea Netton o‘rtasida O‘zbekistonning “PIRLS-2021” baholash tizimida ishtirok etishi yuzasidan 2019-yil 25-yanvar kuni rasmiy uchrashuv tashkil qilingan.[oldingi ma’lumotlar asosida]

Uchrashuvda PIRLS dasturining 2021-yil uchun mo‘ljallangan tadqiqotlarida O‘zbekistonning ishtirok etishi tashabbusi IEA tashkiloti tomonidan katta olqishlar bilan qarshi olindi va tashkilot tomonidan barcha kerakli yordam va tavsiyalar berilishi ta’kidlandi. Yig‘ilishda “PIRLS-2021” tadqiqotlarida ishtirok etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, ya’ni ishtirok etish shartlari, tadqiqotlarni amalga oshirish bosqichlari, tadqiqotlarning samarali tashkil etishiga qaratilgan yo‘riqnomalar va boshqa ko‘plab vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

PIRLS Xalqaro tadqiqotining maqsad va vazifalari

PIRLS Ta’limni sinovdan o‘tkazish xizmati (AQSh), Kanada statistika markazi (Kanada), Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasining ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (Germaniya) va Boston kollejining xalqaro markazi (AQSh) kabi dunyoning yetakchi ilmiy markazlari ishtirok etmoqda) Ushbu tashkilotlarning eksperimental ravishda sinovdan o‘tgan xalqaro standartlar asosida maktab o‘quvchilarining o‘quv yutuqlarini baholash bo‘yicha pedagogik o‘lchovlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi PIRLS tadqiqotlarini tashkil etish va o‘tkazishning yuqori sifatini ta’minlashga imkon beradi.

PIRLSni o‘rganish maqsadi dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan to‘rtinchi sinf o‘quvchilari tomonidan matnni tushunish darajasini taqqoslash, shuningdek, milliy ta’lim tizimlarida o‘qish savodxonligi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash.

Tadqiqotning xalqaro lug‘atiga ko‘ra, “o‘quvchi savodxonligi” - bu insonning hayotda o‘zini to‘liq namoyon qilishi va o‘z maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan turli yozma tillarni tushunishi va mantiqiy ravishda anglash qobiliyatidir.

PIRLS tadqiqotlari quyidagi muammolarni hal qilishga qaratilgan:

ta’lim sohasidagi dunyo ustuvorliklarini aks ettiruvchi ob’ektiv o‘lchovlar va vositalarni ishlab chiqish;

mamlakat o‘quv jarayonini tashkil etish samaradorligini qiyosiy baholash;

tadqiqot natijalariga ta’sir ko‘rsatgan kontekstual omillarni aniqlash;

xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan dalillarga asoslangan ma’lumotlarga ega bo‘lish.

Tadqiqot obyekti boshlang‘ich maktab bitiruvchilarining o‘quv yutuqlari hisoblanadi, chunki bu to‘rtinchi o‘quv yilida o‘qitish bo‘yicha barcha bilim va ko‘nikmalarni to‘playdi. Shu yoshda, o‘quvchilar o‘qishni yaxshi o‘zlashtirishi kerak, shunda ular asosiy maktabda o‘qishni muvaffaqiyatli davom ettirish uchun tarkibiy va formatdagi turli xil matnlardan foydalanadilar.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jahon miqyosida o’tkazilayotgan xalqaro baholash dastur talablariga javob beradigan yuksak intellektual salohiyatli qilib tarbiyalash bugungi kun talabidir. PIRLS (Progress in International Reading Literacy Study- xalqaro o’qish savodxonligini o’rganishdagi yuksalish) tadqiqotida O'zbekiston Respublikasining ishtirok etishi ta'lim sifatini oshirish, xalqaro miqyosda mamlakat nufuzini mustahkamlash bilan birga, o'quvchilar bilimini xalqaro talablar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘qish savodxonligini tadqiq etishda ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasining (IEA) PIRLS tadqiqoti (Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash xalqaro tadqiqoti) mazkur assotsiatsiyaning 1991-yildagi o‘qish savodxonligini tadqiq etish dasturiga qo‘shimcha holda 2001-yildan joriy etila boshlandi. Har besh yilda o‘tkaziladigan ushbu xalqaro tadqiqot bolaning mustaqil inson sifatida rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etib, boshlang‘ich ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarning o‘qib tushunish ko‘nikmalarini xalqaro miqyosda baholaydi. Odatda, ushbu rivojlanish davrida o‘quvchilar o‘qish ko‘nikmasini hosil qilgan bo‘lib, endi bu ko‘nikmadan boshqa fanlarni o‘rganishda foydalanayotgan bo‘ladi. PIRLS xalqaro tadqiqoti o‘qish savodxonligini tadqiq etishda ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasining (IEA) o‘quvchilarning matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash tadqiqotiga (Trends in International Mathematics and Science Study–TIMSS) qo‘shimcha tarzda ishlab chiqilgan. PIRLS xalqaro tadqiqoti o‘qish savodxonligini tadqiq etishda Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasining (IEA) Boston kollejida olib boriladigan TIMSS va PIRLS xalqaro tadqiqot markazi tomonidan IEA xalqaro assotsiatsiyasinig Amsterdam va Gamburg shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi.

Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiya (IEA) turli ta’lim tizimiga ega ishtirokchi mamlakatlarda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni yanada teran tushunish maqsadida 1960-yillarda ta’lim sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda qiyosiy tahlil qiluvchi hukumat agentliklari va milliy tadqiqot institutlaridan tashkil topgan mustaqil xalqaro tashkilot hisoblanadi.

PIRLS 2021 baholash qamrov doirasining dastlabki ikkita bo‘limi PIRLS 2021 o‘qish savodxonligi qamrov doirasi va PIRLS 2021 so‘rovnomalar qamrov doirasidan tashkil topgan. O‘qish savodxonligi qamrov doirasi o‘quvchilarning o‘qib tushunishlaridan ko‘zlangan ikki asosiy maqsad, badiiy tajriba orttirish va axborotni olish va undan foydalanish, hamda to‘rtta tushunish jarayonidan (topish, xulosalar chiqarish, uyg‘unlashtirish va baholash) kelib chiqib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash uchun xizmat qiladi. So‘rovnomalar qamrov doirasida PIRLS 2021 so‘rovnomalaridagi mavzular yoritiladi. Uchinchi bo‘limda PIRLS 2021 xalqaro tadqiqotining baholash mezonlari haqida ma’lumot beriladi. O‘tgan 20 yil mobaynida o‘quvchilarning o‘qib tushunish darajalarini baholovchi PIRLS tadqiqoti o‘quvchilarning o‘qib tushunish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishga imkon beruvchi muhitlarga oid PIRLS so‘rovnoma ma’lumotlari bilan umumlashtirilishi tadqiqotchilarga dunyo bo‘ylab o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini takomillashtirish borasida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini berdi.

PIRLS xalqaro tadqiqoti 2001-yildan boshlab ishtirokchi mamlakatlar va IEA xalqaro assotsiatsiyasining TIMSS hamda PIRLS xalqaro tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. PIRLS xalqaro tadqiqotida ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar, tashkilotlar va agentliklar mazkur dasturni takomillashtirishga o‘z hissalarini qo‘shib, o‘quvchilarning o‘qib tushunish darajasini baholashda qo‘llaniladigan eng sodda va innovatsion mezonlarni ishlab chiqmoqda. 2006-yilda PIRLS xalqaro tadqiqoti badiiy va axborot olish ko‘nikmasiga qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning o‘qib tushunish jarayonlari asosida olingan natijalarni tahlil qilish maqsadida dastur doirasida berib boriladigan matnlar sonini 8 tadan 10 taga ko‘paytirdi.

2011-yilda TIMSS va PIRLS baholash sikllari hamkorlikda ishlab, ishtirokchi mamlakatlarga boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish, matematika va tabiiy fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqida ma’lumotlar olish imkonini yaratdi. Shuningdek, so‘rovnomalarni yangilash va ularni PIRLS va TIMSS dasturlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ham qator ishlar olib borildi. Bundan tashqari, 2011-yilda IEA xalqaro assotsiatsiyasi ishtirokchi mamlakatlarga boshlang‘ich sinflarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi bo‘yicha olgan fundamental bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida PIRLS baholash qamrov doirasini kengaytirdi.

PIRLS 2016 xalqaro tadqiqotining ikkinchi baholash doirasidagi PIRLS o‘qish savodxonligi bo‘yicha yana 20 ta matn kiritildi. Ushbu matnlar o‘zining murakkablilik darajasiga ko‘ra PIRLS baholash qamrov doirasida talab etilganidan osonroqdir. Shuningdek, 2016-yilda muqobil tanlov sifatida ePIRLS tadqiqoti ham joriy etildi. ePIRLS tadqiqotida hozirda tobora ahamiyati oshib borayotgan onlayn o‘qish savodxonligiga e’tibor qaratiladi. Ma’lumki, internet o‘quvchilarning ma’lumotlarni olishlari hamda maktab fanlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishda asosiy vosita sanaladi. ePIRLS tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiiy va ijtimoiy sohalarga tegishli mavzularni o‘z ichiga olgan, maktabda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha beriladigan mashg‘ulotlarga yaqinlashtirilgan qiziqarli innovatsion imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi.

PIRLS 2021 xalqaro tadqiqoti mazkur dastur doirasidagi 2001, 2006, 2011 va 2016-yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarning davomi hisoblangan beshinchi davriylik sanaladi. Har bir o‘tkaziladigan PIRLS tadqiqotida ishtirok etuvchi mamlakatlar soni ortib bormoqda. O‘zbekiston 2021-yilda ushbu xalqaro PIRLS tadqiqotida birinchi marta ishtirok etdi. Tadqiqotning 2016 yil natijalariga ko‘ra, 50 ta mamlakat ichida, Rossiya, Singapur, Gonkong, Irlandiya va Finlyandiya mamlakatlari yuqori natijalarni qayd etdi. Biz bu davlatlarning ta’lim tizimini o‘rnak qilib olsak va ta’lim jarayonida qo‘llay olsak o‘ylaymizki yurtimiz ham juda yaxshi samaradorlikka erishadi. PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalarini qay darajada rivojlanganligi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, o‘qish va o‘qitishni yaxshilashda ta’lim sohasidagi davlat siyosatiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan tahlillarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturi hisoblanadi. PIRLS tadqiqotida o‘quvchilarning erishgan yutuqlarini baholash barcha o‘quvchilardan emas, balki ushbu qatlam vakillari sifatida tanlab olingan o‘quvchilardan obyektiv testlarni o‘tkazish orqali amalga oshirildi.

PIRLS – ma’lumotlarni raqamli baholash

Har bir o‘tkaziladigan PIRLS tadqiqoti sikli bilan yuzaga keladigan o‘zgarishlarga hamohang tarzda PIRLS 2021 xalqaro tadqiqotini o‘tkazishda yozma shakldagi baholash daftarlari o‘rniga raqamli vositalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Taxminan 50 foiz ishtirokchi mamlakatlarda PIRLS xalqaro tadqiqoti kompyuterlar yordamida o‘quvchilarga uzluksiz tarzda matnlarni o‘qish va savollarga javob berish imkonini beruvchi sodda va zamonaviy interfeyslardan foydalaniladi. Rang-barang matnlar o‘quvchilarga qiziqarli bo‘lishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shu bilan birga natijalarni hisoblashni yengillashtirish maqsadida yangi topshiriqlardan foydalaniladi.

Raqamli PIRLS 2021 xalqaro tadqiqoti PIRLS tadqiqotining boshqarilish jarayonini soddalashtirilishiga imkon beruvchi onlayn baholash tizimi orqali boshqariladi va o‘quvchilarga topshiriqlar onlayn tarzda taqdim etiladi (nashr qilingan topshiriqlar va baholash daftarlari ko‘rinishida berilmaydi). Bu esa ePIRLS tadqiqotining raqamli PIRLS tadqiqoti bilan integrallashuviga imkon berib, ePIRLS tadqiqoti qo‘shimcha tekshirishlarni oldini oladi.

Bundan tashqari, raqamli PIRLS 2021 tadqiqotida baholash mezonlariga muvofiqlashtirilishi mumkin bo‘lgan ayrim imkoniyatlarni ham o‘z ichiga oladi. Kompyuter yordamida o‘tkaziladigan raqamli PIRLS 2021 tadqiqotida PIRLS tadqiqoti va PIRLS o‘qish savodxonligi bo‘yicha berilgan, murakkablik darajasi uncha yuqori bo‘lmagan matnlar umumlashtirilib, PIRLS 2021 baholash tadqiqotining murakkablik darajasi ishtirokchi mamlakatlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga muvofiqlashtiriladi. 2016-yilgi PIRLS xalqaro tadqiqoti va PIRLS o‘qish savodxonligi tadqiqoti bo‘yicha tuzilgan matnlarning murakkablik darajasini inobatga olib hamda o‘qish savodxonligi bo‘yicha yangidan tuzib chiqilayotgan matnlarning murakkablik darajasini saqlab qolgan holda yagona PIRLS 2021 xalqaro tadqiqoti barcha ishtirokchi mamlakatlarda yuqori, o‘rtacha va past o‘qish salohiyatiga ega o‘quvchilar bilimini baholash imkonini yaratadi.

2021-yilda PIRLS xalqaro tadqiqoti barcha test o‘tkazish jarayonini raqamlashtirishga e’tibor qaratmoqda. PIRLS o‘qish savodxonligiga oid matn va topshiriqlarning kompyuter yordamida taqdim etilishi o‘quvchilarni rag‘batlantiradigan hamda ularning ish samaradorligini oshirishga yordam beradigan qiziqarli va ko‘rgazmali tajriba vazifasini o‘tadi. Shuningdek, PIRLS 2021 xalqaro tadqiqoti ePIRLS 2021 tadqiqoti va 2016-yilda joriy etilgan dasturlashtirilgan onlayn muhitida o‘qish savodxonligini kompyuter vositasida baholagani kabi raqamli tartibda ham o‘tkazilishi mumkin.

PIRLS xalqaro tadqiqoti o‘quvchilarning matnni o‘qib tushunishlari, yangidan-yangi g‘oyalar, boshqa madaniyatlar va turli mamlakatlar haqida tasavvurga ega bo‘lishlariga imkon beradigan qobiliyat haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, u shaxsni hamda jamiyatni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish, shuningdek, “biror harakatni bajarish uchun o‘qish”, vositasi sifatida yozma matnlar va boshqa turdagi ma’lumotlar ustida mulohaza yuritishni o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, bunday yondashuv bugungi jamiyatda yanada yaqqol sezilib, jamiyat o‘quvchidan o‘qish orqali olgan ma’lumotlardan foydalana olish qobiliyatiga ega bo‘lishni talab etmoqda. Endilikda o‘quvchilardan ravon o‘qish va asosiy tushunish ko‘nikmasi orqali tushungan yoki idrok etganlarini yangi vaziyatlar yoki loyihalarga nisbatan qo‘llay olish qobiliyatini namoyon etishga o‘tishni talab etilmoqda.

PIRLS tadqiqotida o'quvchilar dars vaqtida va maktabdan tashqari vaqtlarida ishlatadigan o‘qishning ikki turi baholanadi:

1) o‘quvchining adabiy tajribasini baholash maqsadida o‘qish;

2) ma’lumotni o‘zlashtirish va undan foydalanish maqsadida o‘qish.

Tadqiqotning konseptual qoidalariga muvofiq, badiiy va informatsion (ilmiy ommabop) matnlarni o‘qiyotganda o‘qish qobiliyatining to‘rtta guruhi baholanadi:

-aniq ko‘rsatilgan ma’lumotlarni topish;

-xulosalarni shakllantirish;

-ma’lumotlarni talqin va sintez qilish;

-mazmuni, til xususiyatlari va matn tuzilishini tahlil qilish va baholash.

Natijalarni baholash tartibi PIRLS da bajarilgan ishlarni sifatli va miqdoriy baholash uchun quyidagi tizim qo‘llaniladi:

- javobni tanlash usulidagi to‘g‘ri javoblar 1 ball bilan baholanadi;

-mavzu ketma-ketligini belgilash borasidagi to‘g‘ri javoblar 1 ball bilan baholanadi;

- erkin javob berishg kerak bo‘lgan topshiriqlar vazifaning murakkabligiga qarab 1 balldan 3 ballgacha baholanadi.

Xalqaro baholash tadqiqotlari o‘tkazishning tashkiliy masalalari

PIRLS tadqiqotlari doirasida turli ta’lim tizimiga ega bo‘lgan davlatlar 4-sinf bituvchilarining o‘qish sifati va o‘qilgan matnni tushunish darajasi o‘rganiladi. Bu tadqiqotlarga 4-sinf o‘quvchilarining tanlanishi shu bilan e’tiborliki, aynan o‘qishning to‘rtinchi yilida o‘quvchilar o‘qishning yuqori darajasiga ega bo‘lishi, ularning keyingi ta’limda bilimni egallash qobiliyatini shakllantirish va shu orqali hozirgi zamonga muvaffaqiyatli moslashuviga yordam beradi. Ko‘pchilik davlatlarda bolalar 6 yoshdan maktabda o‘qishni boshlashadi. Ammo Angliya va Yangi Zelandiyada ta’lim 5 yoshdan boshlanadi. Shuning uchun, loyihada 4-sinfdan emas 5-sinfdan o‘quvchilar ishtirok etishadi. O‘qish va matnni tushunish sifati tekshiriladigan o‘quvchilarning yoshi 10,5 yoshni tashkil etadi.

Sharq mamlakatlarida bolalar 7 yoshdan o‘qishni boshlagani ulardan 10,7-10,9 yoshdagi o‘quvchilar tadqiqotda ishtirok etishadi.

PIRLS tadqiqotlari Xalqaro ta’lim institutlari assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan muvofiqlashtiriladi. PIRLS loyihasi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish qobiliyatini rivojlantirish darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar orasida yetakchi hisoblanib kelinmoqda.

PIRLS tadqiqotlari 2001-yildan boshlab 5 yil oralig‘ida boshlang‘ich ta’lim miqiyosida o‘tkazib kelinmoqda. U xalqaro tadqiqotlar orasida yuqori o‘ringa ega. Bu dasturga kiruvchi davlatlarning soni yildan yilga ortib bormoqda. 2001 yildan boshlab 4 marta o‘tkazildi. Oxirigi PIRLS tadqiqotlari 2016- yilda o‘tkazildi. Shu davrgacha 35 dan 50 gacha bo‘lgan davlatlar ishtirok etishdi. PIRLS Xalqaro markazning rejasiga muvofiq o‘tkaziladi. Katta hududga ega davlatlar ma’muriy bo‘linishga mos keladigan qatlamlarga bo‘lingan. Qatlamlarni tanlab olish uchun har bir mintaqada o‘rganilgan aholi sonidagi o‘quvchilar soni to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planadi. Barcha mamlakatlarda maktablarni tanlab, parallel ravishda o‘quvchilar sonini hisobga olgan holda ehtimoliy usul bilan amalga oshiriladi.

Xalqaro baholash tadqiqotlari o‘tkazishning tashkiliy masalalari:

- ishtirok etish shartlari

- tadqiqotlarni amalga oshirish bosqichlari,

- tadqiqotlarning samarali tashkil etishiga qaratilgan yo‘riqnomalar

Tadqiqotda qatnashuvchilarni saralash bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda ishtirokchi davlatlarning milliy koordinatorlari Xalqaro muvofiqlashtirish markaziga mamlakatdagi barcha maktablarning (shahar, qishloq, qishloq) ro‘yxatlarini yuboradilar. Keyin “tasodifiy sonlar usuli” yordamida maxsus dastur yordamida har bir mamlakatdan 150 ga yaqin maktab tanlanadi. Tadqiqotda ishtirok etish uchun xalqaro ekspertlar tomonidan tanlab olingan maktablar Milliy muvofiqlashtiruvchiga to‘rtinchi sinf o‘quvchilarining ro‘yxatlarini sinflardagi ma’lumotlarga to‘liq mos ravishda taqdim etadilar. 4-sinf o‘quvchilari ro‘yxati ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va Xalqaro muvofiqlashtirish markaziga yuboriladi.

Tadqiqot vositalarining tavsifi.

Xalqaro PIRLS tadqiqot vositalariga quyidagilar kiradi:

• Matnlar va savollar yozilgan daftar.

• O‘quvchi anketasi.

• O‘qituvchining ma’lumotlari.

• Ota-onalar haqida ma’lumot.

• Maktab ma’muriyatining strukturasi, ish-rejasi.

• Kuzatuvchilarning milliy qo‘llanmasi.

• Mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi qo‘llanma.

• Maktab koordinatori uchun qo‘llanma.

• O‘quv qo‘llanma.

• Ishni baholash va javoblarni kodlash bo‘yicha qo‘llanma.

Tadqiqotning har bir ishtirokchisiga matnlar va ularga topshiriqlar berilgan daftar beriladi. Birinchi matn - bu fantastika yoki kulgili hikoyalar, tasvir yoki ertak, ikkinchisi - ma’lumotli (ko‘pincha hayvonlar haqidagi hikoya). Har bir matnga 12-15 ta savol-topshiriqlar ilova qilinadi.

Ishtirokchilarga barcha ishlarni bajarish uchun 80 daqiqa vaqt beriladi (har biri tanaffus bilan 40 daqiqadan iborat).

Shunday qilib, turli mamlakatlarda o‘tkazilgan PIRLS tadqiqotining natijalari pedagogik hamjamiyat tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Maktab o‘quvchilari yutuqlari natijalarini monitoring qilish mexanizmlari joriy etilmoqda, o‘quv texnologiyalari va boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining o‘quv yutuqlariga qo‘yiladigan talablar ko‘rib chiqilmoqda. Xalqaro test topshiriqlari asosida maktab o‘quvchilari, pedagogik jamoalar va innovatsion o‘qituvchilarning savodxonligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar nafaqat o‘quvchilarning ilmiy yutuqlarini baholashga, balki birinchi navbatda o‘qish madaniyati va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatdagi yoshlarning bilim olishidagi muhim omildir.

PIRLS tadqiqotida o‘qish savodxonligi.

Matn va mazmunga oid birliklarni baholash va tanqidiy tahlil qilish.

PIRLS tadqiqotida o‘qish savodxonligi.

O‘qish savodxonligi – jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma tilning shakllarini idrok etish va amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatidir. Ushbu nuqtayi nazar o‘quvchilarning o‘qishdan olingan ma’lumotlardan foydalanish qobiliyatiga tobora ko‘proq e’tibor qaratadigan zamonaviy jamiyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy e’tibor tushunishni namoyon qilishdan o‘zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda.

PIRLSning o‘qishdagi yutuqlarni baholash doiralari IEA tomonidan 1991-yilda o‘qish savodxonligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan foydalangan holda, ilk marotaba, 2001-yildagi tadqiqotlar uchun ishlab chiqilgan.

Shundan buyon PIRLSning baholash doiralari tadqiqotning har bir davri uchun, shu jumladan, 2021-yildagi tadqiqot davri uchun ham yangilandi.

Hozirgi vaqtda PIRLS ta’rifiga ko‘ra, o‘qish savodxonligi jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma til shakllarini tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, matnlardan turli shakllarda ma’no hosil qila olish qobiliyati hamdir. O‘qish savodxonligining bu ko‘rinishi konstruktiv va interaktiv jarayon sifatida ko‘plab o‘qish nazariyalarini aks ettiradi. O‘quvchining matn bilan ishlashi jarayonida o‘quvchi va matn orasidagi muloqot orqali (shuning uchun ham bu jarayon interaktiv deyiladi) o‘quvchi ma’noni yaratadi (shuning uchun ham bu jarayon konstruktiv inglizcha “construct” – yaratmoq deyiladi). O‘quvchi bu jarayonning faol qatnashuvchisi bo‘lib, ma’no yaratadi, matn ustida mushohada yuritadi va samarali o‘qish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qo‘llaydi. Har bir matn turi odatiy shakl va qoidalarga amal qilgan holda o‘quvchiga matnni sharhlashga yordam beradi. Har qanday matn turli shaklga ega bo‘lishi mumkin. Bular an’anaviy kitoblar, jurnallar, hujjatlar va gazetalar, shuningdek, raqamli ko‘rinishdagi yozma shakllarni ham o‘z ichiga oladi.

PIRLS yosh o‘quvchilarning sinfda va sinfdan tashqari o‘qishining ikkita keng qamrovli maqsadiga qaratilgan. Bular badiiy tajriba orttirish hamda ma’lumot olish va ulardan foydalanish uchun o‘qishdir.

Bundan tashqari, PIRLS o‘qish maqsadlarining har birida to‘rtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular: diqqatni jamlash va aniq ko‘rsatilgan ma’lumotlarni topish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish, g‘oyalar va axborotni talqin qilish va uyg‘unlashtirish, kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilish.

Badiiy tajriba orttirish

O‘QISH SAVODXON-LIGINING MAQSADI

Axborotni olish va undan foydalanish

Diqqatni jamlash va aniq ko‘rsatilgan ma’lumotlarni topish

To‘g‘ridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish

TUSHUNISH JARAYONI

G‘oyalar va axborotni talqin qilish va uyg‘unlashtirish.

Kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilish.

Butun dunyo bo‘ylab o‘qish savodxonligining rivoji odamlarning nima sababdan o‘qishlari bilan bevosita bog‘liq. Umuman olganda, bu sabablar zavqlanish va shaxsiy qiziqish uchun o‘qishni yoki ta’lim va jamiyat hayotida munosib ishtirok etishni o‘z ichiga oladi. Ko‘pgina yosh o‘quvchilarning dastlabki mutolaasi aksariyat hollarda hikoya (masalan, hikoya to‘plamlari yoki rasmli kitoblar) yoki o‘quvchilarga atrofidagi dunyo haqida ma’lumot beradigan va savollarga javob beradigan ma’lumotli matnlardan iborat bo‘ladi.

Yosh o‘quvchi uchun o‘qish savodxonligining har ikki maqsadi ham muhim hisoblanadi. Shuning uchun PIRLS har bir o‘qish turini baholashda matnlarni teng bo‘lishni asosiy maqsad qilib olgan.

Badiiy tajriba orttirish.

Adabiyotni tushunish va baholash uchun har bir o‘quvchi tilni tushunishi va badiiy shakllarni bilishi kerak. Yosh o‘quvchilar uchun adabiyot hali duch kelmagan vaziyatlar va his-tuyg‘ularni o‘rganish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Badiiy adabiyotda tasvirlangan voqealar, harakatlar va oqibatlar o‘quvchilarga haqiqiy hayotni yoritibgina qolmay, tasavvur qilishlari mumkin bo‘lgan vaziyatlarni bilvosita his qilish va aks ettirishga imkon beradi.

PIRLSda ishlatiladigan badiiy matnlarning asosiy shakli – bu badiiy to‘qimaga asoslangan hikoyalardir.

Axborot olish va undan foydalanish.

Axborot matnlarining maqsad va vazifalari turli xil bo‘ladi. Axborot matnining asosiy vazifasi axborotni taqdim etish bo‘lsa-da, mualliflar ko‘pincha o‘zlari tanlagan mavzularni yoritishda turli maqsadlarni ko‘zda tutadi. Ko‘pgina axborot matnlarining maqsadi to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot berish, masalan, biografik ma’lumotlar yoki vazifani bajarish bosqichlarini taqdim qilishdir, shu bilan birga, ko‘p hollarda matnda muallifning subyektiv qarashlari ham aks etadi. Masalan, muallif fakt yoki tushuntirishlarning qisqacha xulosasini taqdim etishi, o‘z dalillariga o‘quvchini ishontirishga harakat qilishi yoki turli nuqtayi nazarlarni keltirishi mumkin.

Yosh o‘quvchilar ilmiy, tarixiy, geografik yoki ijtimoiy, shu jumladan, bir qator ma’lumotlarni qamrab olgan, turli shakldagi axborot matnlarini o‘qishlari mumkin.

Tushunish jarayonlari.

PIRLS, odatda, 4-sinf o‘quvchilarining keng qamrovli to‘rtta tushunish jarayonini baholaydi. Bular: diqqatni jamlash va aniq ma’lumotni topish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish, g‘oyalar va axborotni talqin qilish, uyg‘unlashtirish, kontekst va matn elementlarini baholash hamda tanqid qilish jarayonlaridir.

PIRLS va ePIRLSda har bir matn parchasi (yoki parchalari) yoki matn yuzasidan beriladigan savollar to‘rtta tushunish jarayonini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘quvchilar matndan ma’no hosil qilar ekan, ular aniq tushuntirilmagan g‘oyalar yoki ma’lumotlarga nisbatan tushuntirishlar beradi. Xulosalash o‘quvchilarga matndan tashqariga chiqishga imkon beradi. Ko‘pgina hollarda muallif matnni o‘quvchining aniq yoki bevosita xulosa chiqarishi uchun yaratadi.

O‘quvchilar oddiy xulosalar bilan bir qatorda, matndagi g‘oyalar va axborotlarni talqin qilishda va uyg‘unlashtirishda konkret yoki umumiy ma’nolarga e’tibor berishlari yoki tafsilotlarni umumiy mavzular va g‘oyalar bilan bog‘lashlari mumkin. To‘liq javob berish uchun o‘quvchidan barcha matnni yoki hech bo‘lmaganda uning muhim qismlarini, shuningdek, matndan tashqaridagi fikrlarni yoki axborotni tushunish talab qilinadi.

Matn va mazmunga oid birliklarni baholash va tanqidiy tahlil qilish.

Matn mazmuni o‘quvchining shaxsiy fikridan kelib chiqib, xolislik bilan baholanishi va tanqid qilinishi mumkin. Bu jarayon o‘quvchidan xolis baho berish, rad etish, ma’qullash, matn mazmuniga nisbatan betaraflikni bildirish kabilarni talab qiladi. Masalan, o‘quvchi matnda keltirilgan fikrlarni tasdiqlashi, e’tiroz bildirishi yoki boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar bilan matnda berilgan g‘oyalarni taqqoslashi mumkin.

PIRLS tadqiqotida ishlatiladigan matnlarning xususiyatlari. Matnlar PIRLS dasturida murakkabligiga qarab, o‘rtacha 500 dan 800 tagacha, o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi darajasi past bo‘lgan mamlakatlar uchun 400–500 ta, ePIRLSda esa, taxminan, 1000 ta so‘zdan iborat bo‘ladi. PIRLS matnlari uchun aniqlik va izchillik muhim mezon hisoblanadi.

Matnni baholash va tanqidiy tahlil qilish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

- Matnda berilgan ma’lumotning aniq va to‘liqligini baholash;

– Tasvirlangan voqeani haqiqatan sodir etilishi ehtimolini baholash;

– Insonlarning o‘ylari va bajaradigan ishlarini o‘zgartirishda muallifning fikrlari qanchalik aniqligini baholash;

– Matn sarlavhasi asosiy mazmunni qanchalik yoritib berishini baholash;

– Metafora yoki nutq ohangi kabi til xususiyatlari ta’sirini tasvirlash;

– Muallifning asosiy mavzuga oid qarashlarini aniqlash.

PIRLS tadqiqotida ishlatiladigan matnlar uchun quyidagi mezonlar belgilangan.

Uzunligi: 1000 ta so‘zgacha.

Mavzu: Badiiy matnlar asosiy mavzuga ega bo‘lib, u berilgan matndan tashqari o‘quvchi tomonidan umumlashtiriladi. Axborot matnlari o‘quv materiallardan olinmagan mavzuni yoritib berishi kerak.

Til: 40 dan ortiq tillarga tarjima qilinadi, shuning uchun tarjima qulay bo‘lishi muhimdir. Metafora yoki epitet kabi aniq ifodali tasvirlash so‘zlari tanlanadi. Hech qanday so‘zlashuvga oid so‘z yoki jargon ishlatilmaydi hamda ortiqcha texnik ifodalar olib tashlanadi.

Mazmuni: matnning mazmuni 9–10 yoshdagi o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos kelishi, ayrim madaniyatlarga juda xos bo‘lgan mavzulardan chetlanishi, shuningdek, matn shu yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun qiziqarli va zavqli bo‘lishi hamda o‘quvchi uchun unchalik tanish bo‘lmasligi lozim.

Bog‘liqlik va ketma-ketlik: sujetning mantiqiy tuzilishiga rioya qilish muhimdir. Axborot matnda matnning tuzilishi va ma’lumotning mantiqiy ketma-ketligini sarlavhalar, jadvallar, grafiklar kabi vizual elementlar bilan bog‘liqligini kuzatish shartdir.

Oʻqish savodxonligining maqsadi.

2021-yil uchun mo‘ljallangan tadqiqotlarda O‘zbekiston o‘quvchilari ham ishtirok etishi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga katta mas’uliyat yukladi. Bu muhim vazifani amalga oshirish o‘qituvchidan ta’limga yangicha yondashuvni, faollikni talab etadi. Shu o‘rinda o‘quvchini xalqaro baholash darajasini belgilovchi PIRLSga qanday tayyorlash mumkun degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi.

PIRLSga tizimli tayyorlashda sinfdan tashqari o‘qish, mustahkamlash, takrorlash darslari hamda to‘garaklarning o‘rni juda muhim. Bunda o‘quvchining dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlashi, obrazli tafakkurini rivojlantirish o‘ta muhim hisoblanadi. Albatta bu ishda ota-onaning o‘z o‘rni bor. Oilada kattalar kitob o‘qisa, bola ham bora-bora ularga ergashadi. Yoshiga munosib kitoblarni olib berishda o‘qituvchi tavsiyasiga amal qilish foydali hisoblanadi. Bo‘sh vaqtida bola oldi-qochdi seriallar, multfilmlar emas, bolalar uchun ishlangan mantiqqa boy filmlar, hayvonot va nabotot dunyosi haqidagi ko‘rsatuvlarni kuzatib borishi ham yaxshi samara beradi. Sportning deyarli barcha turlari, ayniqsa shaxmat o‘quvchining diqqatini oshirishiga, maqsad sari olg‘a intilishga, mustaqil qaror qabul qilish layoqati shakllanishiga yordam beradi.

Dars jarayonida yoki bola bilan muloqot qiladigan tanaffuslar chog‘ida uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri fikrini tinglab, to‘g‘ri xulosani hayotiy faktlar orqali chiqarish o‘ta muhim. O‘qituvchining o‘quvchidan adabiy tilda gapirishini talab etishi o‘quvchining o‘z ustida yanada izlanishini taqozo etadi va bu kitobxonlik sari yo‘l ochib beradi.

―Savodxonlik so‘zi o‘quvchilarnin kelajakda o‘z rejalarini amalga oshirishda, ya’ni bilim olishni davom ettirish, mehnat faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rish, ijtimoiy hayot va mehnatda ishtirok etishda asosiy vositasi sifatida savodxonlarcha o‘qish ko‘nikmasini egallashdagi muvaffaqiyatini anglatadi. Tushunchaning mohiyatini anglatuvchi belgilarni anglash, tahlil qilish, fikrlash, mushohada yuritish, hayotga tatbiq etishdan iborat

Insonning matn shaklida berilgan maʻlumotlarni tushina olish va ularga reaksiya bera olish koʻnikmasi, jamiyat hayotida faol qatnashish jarayonida oʻqigan maʻlumotlaridan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalana olish, bilim va imkoniyatlarini oshira olish layoqati. Bu yerda, oʻqish savodxonligi tushunchasi keng ma’no kasb etadi. Bu yoʻnalish maqsadi oʻquvchining berilgan badiiy asardan parcha, biografiya, xat, hujjat, gazeta va jurnallardan olingan maqolalar, turli qoʻllanmalar, geografik kartalar kabi rangbarang tematikadagi, tarkibida matnni ochib berishga moʻljallangan diagrammalar, rasmlar, kartalar, grafik va jadvallar berilgan matnni tushinishi, mazmuni haqida fikr yurita olish, matn mazmuniga baho berish va oʻqiganlari haqida oʻz fikrini bera olishi kabi kompetensiyalarini aniqlash hisoblanadi.

Savodxonlik atamasi aynan o‘quvchilarning olgan bilimlarini kundalik hayotga tatbiq eta olish mahoratini ta’kidlash uchun qo‘llaniladi. Masalan, funksional o‘qish (xizmatga, ishga oid) deganda o‘quvchining ma’lumot olishi va uni baholash mahorati, diagrammalarni o‘qish, matndagi bog‘liqliklarni (aloqani) topish, izohlash, sharhlash, xulosa chiqarish mahorati nazarda tutiladi.

Matn turlari.

Matn turlarining mukammal tasnifi mavjud emas. Aynan bir matnda har xil turdagi belgilar bo‘lishi mumkin. Tadqiqot maqsadlari uchun matnlarning quyidagi umumiy xususiyatlari eng muhim deb topildi: ular mazmunidagi o‘zaro bog‘liqlik va izchillik; real, faktografik (ilmiy, iqtisodiy mazmundagi matnlar) va o‘ylab topilgan (sun’iy vaziyatga asoslanish), badiiy (badiiy, publisistik va boshqa matnlar). Tadqiqotda barcha turdagi matnlar, shuningdek, keltirigan tasnifning biron bir turkumiga mos kelmaydigan matnlarda ham foydalaniladi. Tadqiqotning maqsadi o‘quvchilarning turli xil matnlarni o‘qish qobiliyatini aniqlashni o‘z ichiga olmaydi. Tadqiqotning maqsadi – o‘quvchilarga hayotdagi eng faol ishlatiladigan matnlarni o‘qish va sharhlashni taklif qilish bilan ularning kelgusi hayoti uchun umumiy va ahamiyatli bo‘lgan imkoniyatlarni, natijalarni yuzaga chiqarishdir.

Quyida beriladigan matnlarning umumiy tasnifini beramiz.

Yaxlit matn turlari:

1) tavsiflash (badiiy va texnik), topshiriqlarning 13% i;

2) axborot berish (hikoya, hisobot, hisobot) topshiriqlarning 22% i;

3) tushuntirish (tushuntirish tarkibi, ta’rifi, talqin, xulosa, sharh), 13%;

4) argumentlar (izoh, ilmiy asoslar) 13%i;

5) yo‘llanma, ko‘rsatma (ishni bajarish bo‘yicha ko‘rsatma, qoidalar, normativ-huquqiy hujjatlar) 5% i.

Grafikli matnlar:

1) grafik (vazifalarning 11%),

2) diagramma (3%),

3) jadval (11%),

4) xarita (3%),

5) shakllar (soliq, viza, profillar va boshqalar). (3%);

6) axborot varaqalari va e’lonlar (topshiriqlarning 2%).

Nazorat qilinadigan faoliyat turlari

O‘qish savodxonligi matnni to‘liq tushunishning quyidagi besh jihatini hisobga oladi:

1.Matn mazmuniga umumiy yo‘naltirilganlik va uning yaxlit ma’nosini tushunish (topshiriqlarning 20%);

2.Axborotni aniqlash (topshiriqlarning 20%i);

3.Matnni sharxlash (topshiriqlarning 30%i);

4.Matn shakliga munosabat (topshiriqlarning 15%i);

5.Matn mazmuniga oid munosabat (topshiriqlarning 15%i).

Diagramma ko‘rinishiga olib kelamiz.

O‘qishning barcha aspektlari bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, ularning biri ikkinchisining muvaffaqiyatli bajarilishiga bog‘liq. Matnning har bir aspektga ko‘ra to‘liq tushunilishi o‘quvchi kompetentliligining ma’lum bir darajasini taqozo etadi. Ushbu darajalar vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan savol va ko‘rsatmalar yordamida aniqlanadi.

Matn mazmuniga umumiy yo‘nalganlikni aniqlash va uning umumiy ma’nosini tushunish uchun matnning asosiy mavzusini, umumiy maqsadini yoki maqsadini aniqlash maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda matndan mavzuni ajratib olish yoki o‘quvchidan o‘zi uchun sarlavhani kashf qilish, matnning umumiy ma’nosini ifodalovchi tezisni shakllantirish, matnda taqdim etilgan ko‘rsatmalarning tartibini tushuntirish, jadval yoki jadvalning asosiy mazmunini aniqlash, xarita yoki rasmning maqsadini tushuntirish, kitob nashri va matnning xususiyatlarini tushuntirish kabi vazifalar mavjud.

Matnning umumiy mazmunini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar o‘quvchilarga matnning bir qismi va uning umumiy g‘oyasini qamragan savol bilan, matnning bir qismi va muallif tomonidan berilgan o‘ziga xos izohlar bilan bog‘liqlikni topish taklif etiladi; matn asosiy g‘oyasining ikkinchi darajali go‘yasidan ajratish qobiliyatini namoyon qilish imkoni beriladi.

Matndan axborotni ajratish qobiliyatini aniqlash uchun o‘quvchiga ushbu maqsadga yo‘naltirilgan savol beriladi va o‘quvchi matnga ko‘z yugurtirib undan asosiy elementlarni aniqlaydi, zaruriy axborotni izlash bilan shug‘ullanadi.

Matnni sharhlash qobiliyatini aniqlash, uning kontseptual ma’nolarini ishlab chiqish uchun o‘quvchilarga matndagi ma’lumotlarni solishtirish va farqlashni, unda ilgari surilgan tezislarni tasdiqlash uchun dalillarni aniqlashni, shakllantirilgan fikrlardan xulosa chiqarishni, muallifning niyati yoki matn g‘oyasi bo‘yicha xulosa chiqarishni taklif etish maqsadga muvofiqdir.

Matn mazmuniga munosabatini aniqlashga mo‘ljallangan topshiriqlarda o‘quvchi topshiriqlarni bajarishda matndagi ma’lumotlarni boshqa sohalardagi bilimi bilan bog‘lashi, matndagi ma’lumotlarni borliq haqidagi qarashlari asosida baholab, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilish uchun asos, dalil topishi kerak. Matnni tushunishning ushbu aspekti o‘quvchilarda yuqori darajadagi aqliy qobiliyatlar, tanqidiy fikrlash malakasi, mustaqil estetik qarashlar mavjudligini taqozo etadi

Matn shakliga munosabatini aniqlash uchun o‘quvchilar topshiriqni bajarishda matnning nafaqat mazmunini, balki uning shaklini ham, va umuman, uning bajarilish sifatini baholaydilar. Matnni tushunishning bu aspekti yetarli darajada tanqidiy fikrlash malakalari rivojlanganligini va mustaqil estetik qarashlari mavjudligini nazorat qilishni nazarda tutadi. Ushbu topshiriqlar muallif niyati va matn shakli mutanosibligini, sharh uslubi va shu kabi boshqa jihatlarini baholay olish imkoniyatiga e’tibor qaratadi.

Topshiriqlarni bajarish uchun o‘quvchi matnning strukturasi, janrining xususiyatlari, matndagi ironiya, hazil, so‘z bilan ifodalangan soya tushunchalarini, muallifning ovozini eshitish qobiliyatiga ega bo‘lishlari va muallifning rasmlarini taqqoslashni bilishlari kerak.

PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalari qay darajada rivojlanganligi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, o‘qish o‘qitishni yaxshilashda ta’lim sohasidagi davlat siyosatiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan tahlillarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturi hisoblanadi. Tadqiqotlar doirasida asosiy e’tibor tushunishni namoyon qilishdan o‘zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda. O‘quvchi va matn o‘rtasidagi o‘zaro munosabat o‘rnatilsagina matnning mazmuni anglashiladi va o‘qishdan ko‘zlangan maqsadga erishiladi. PIRLS baholash dasturi uchun matnlarni saralab olishda asosiy jihat o‘qishdan ko‘zlangan maqsadlardan kelib chiqib, bir necha matn turlarini taqdim etishdir. Bunda, asosiy maqsad o‘quvchilar uchun ham maktabda ham maktabdan tashqarida olib boriladigan o‘qish mashg‘ulotlariga o‘xshash muhit yaratishdan iboratdir. O‘quvchi bu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lib, matn ustida mushohada yuritadi va samarali o‘qish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qo‘llaydi.

O‘qish savodxonligining ta’riflari juda ko‘p. O‘qish savodxonligi – tushunish va shaxs tomonidan qadrlanadigan hamda jamiyat tomonidan talab etiladigan barcha yozma til shakllaridan foydalana olish qobiliyatidir.

O‘qish savodxonligi – shaxs o‘zining bilim va salohiyatini rivojlantirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish maqsadiga erishishi yo‘lida matnlarni tushunish, ulardan foydalana olish, ular ustida mulohaza yurutish hamda ularga munosabat bildirish qobiliyati hamdir. O‘qish jarayonining boshlanishi, o‘rtasi va oxirida o‘quvchi til ko‘nikmalarining, kognitiv va metakognitiv strategiyalar hamda mazmun shakllantirishda birlamchi bilim va ko‘nikmalar majmuasidan foydalanadi.

PIRLS boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining sinf va sinfdan tashqari o‘qishini baholash ikkita keng qamrovli maqsadga qaratilgan.

O‘qishdan ko‘zlangan har ikkala maqsad ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun birdek muhim bo‘lgani bois, PIRLS dasturi har bir maqsadni baholovchi, bir xil miqdordagi materiallardan tashkil topadi. O‘z navbatida, ushbu maqsadlarning har biri to‘rtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular:

1.DIQQATNI JAMLASH VA ANIQ KO‘RSATILGAN

MA’LUMOTNI TOPISH

2.TO‘G‘RIDAN- TO‘G‘RI XULOSALAR CHIQARISH

3.TIL VA MATN ELEMENTLARINI

TEKSHIRISH VA BAHOLASH

4.G‘OYALAR VA MA’LUMOTNI TALQIN QILISH VA

UYG‘UNLASHTIRISH

Barcha mamlakatlar elektron baholashga o‘tishga tayyor emasliklari sababli PIRLS 2021 ikki xil, ya’ni raqamli va qog‘oz shaklda o‘tkaziladi. Shuningdek, raqamli PIRLS simulyatsiyasi qilingan internet muhitida ma’lumotni onlayn o‘qishni baholaydigan elektron PIRLS (ePIRLS) ni o‘z ichiga oladi. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda PIRLS tadqiqotini o‘tkazishning qog‘oz shakli tanlangan. Savollardan to‘plamidan iborat bo‘lgan ikkita bo‘lim yoki qismni bajarish uchun o‘quvchilarga 40 daqiqa vaqt beriladi. Baholashda to‘rtta variant beriladi. To‘rtta variantli har bir savolda bitta to‘g‘ri javob bo‘ladi. Bu turdagi savolga berilgan to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi.

PIRLS tadqiqotida yana ikkita savol turidan foydalanadi, bular:

  • O‘quvchilar tomonidan savolga bir necha to‘g‘ri tanlanadigan savollar (odatda bu turdagi savollarda “tegishli bo‘lgan barcha javoblarni belgilang” iborasi qo‘llaniladi);
  • O‘quvchilar matnda tasvirlangan yoki hikoya qilingan voqelarni matnga asoslangan holda to‘g‘ri ketma-ketlikda belgilashlari lozim bo‘lgan savollar.
  • Ochiq savollarni baholash mezoni

    Ochiq savollarni baholashda bir ballik, ikki ballik va uch ballik baholash mezonlari joriy etiladi.

    Bir ballik savollarni baholash mezoni

    Qubul qilinadigan javob (1 ball)

    Qabul qilinmaydigan javob (0 ball)

    Ikki ballik savollarni baholash mezoni

    To‘liq tushunish (2 ball)

    Qisman tushunish (1 ball)

    Mutlaqo tushunmaslik (0 ball)

    Uch ballik savollarni baholash mezoni

    Keng tushunish (3 ball)

    Qoniqarli tushunish (2 ball)

    Minimal tushunish (1 ball)

    Qoniqarsiz tushunish (0 ball)

    Shuningdek,izohlanmagan javoblar “0” ball qo‘yiladi. Ochiq savollarda “javobsiz” holat (javob berilmagan) ni qanday kodlashning o‘ziga xos jihatlari mavjud. Buning uchun ikkita kod belgilangan: “8” va “9” kodlari. Javob bermaslik holatlaridagi ushbu kodlarni tayinlashda tayinlashda quyidagi ko‘rsatmalarga amal qilishi lozim.

    PIRLS tadqiqotlarida foydalanilgan quyidagi matn va topshiriqlar berilgan:

  • AFRIKA KARKIDONLARI VA OKSPEKER QUSHLARI
  • XALOSKOR DELFIN
  • TIKUVCHI
  • CHORINING QOBILIYATI
  • MARVARID
  • OZUQA IZLAB
  • KUCHUK TARBIYALASH
  • AFRIKA KARKIDONLARI VA OKSPEKER QUSHLARI

    Jadval asosida karkidon va okspekerlar haqida ma’lumotlar keltirilgan

    “Karkidonlar va okspekerlar bir-biriga yordam beradi. Ular bir-biridan juda katta farq qiladigan jonzotlardir. Karkidon – juda katta, quruqlikdagi hayvon. Faqatgina fil undan kattaroqdir. Okspeker qushi esa juda kichkina. Okspekerlar karkidonlarning ustida yashaydilar.” Ma’lumotlar berilgan bo‘lib shu asosida ochiq va yopiq test orqali savollarga javob beradilar.

    Savol-javob orqali bilimlarni mustahkamlash:

    1. Progress in International Reading and Literacy Study (PIRLS) – nechanchi sinf o‘quvchilarining matnni o’qish va tushunish darajasini baholash uchun foydalaniladi?

    2.PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang'ich sinf o'quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalarini qanday hosil qilish mumkin?

    3.PIRLSda ishtirok etish O‘zbekistonga nima beradi?

    4.Mazkur tashkilot ta’lim tizimida davlat siyosati va amaliyotning ta’siri qanday?

    5. Xalqaro ekspert sifatida MDH davlatlari ta’lim tizimi va ularning xalqaro tadqiqotlar borasidagi tajribasi qanday?

    6. PIRLSning o‘qishdagi yutuqlarni baholash doiralari IEA tomonidan 1991- yilda o‘qish savodxonligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan foydalanganmi?

    7. PIRLS har bir o‘qish turini baholashda matnlarni teng bo‘lishni asosiy maqsad qilib olganmi?

    Nazorat uchun savollar:

    1. PIRLS tadqiqotlarida necha yoshli o‘quvchilar qatnashadi?

    2. PIRLS tadqiqotlari qaysi tashkilot tomonidan muvofiqlashtiriladi?

    3. PIRLS tadqiqotlari nechanchi yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda?

    4.PIRLS xalqaro dasturida o`quvchilar bilimi qaysi jihatlariga ko‘ra baholanadi?

    5. Bu dasturlarning ta`lim sifatini oshirishdagi ahamiyati nimalarda deb o‘ylaysiz?

    6. PIRLS tadqiqoti nechanchi yildan joriy qilina boshlandi?

    7.PIRLS tadqiqotida o‘quvchilar o'qishning qaysi turi baholanadi?

    8. PIRLS topshiriqlari o‘xshash mustaqil topshiriqlar tuzing.

    9.Savodxonlik tushunchasini izohlang.

    10.Matnning qanday turlari mavjud?

    11.PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun nima qilish kerak?

    12.Ilk marotaba O‘zbekistonda PIRLS Xalqaro standart baholash dasturi uchun 4-sinf o’quvchilarning matnni o’qish va tushunish darajasini baholash bo‘yicha asosiy tadqiqotlar qachon yakunlandi?

    13. Darslikning ilovalarida berilgan topshirilarga qarab, PIRLS TOPSHIRIQLARIDAN NAMUNALAR tuzing.

    14. “Chumolining izidan” nomli axborot beruvchi matni doirasi tajriba-sinov topshiriqlarini bajaring.

    15. Darslik ilovasida berilgan 8 ta mashq daftarlarini har bittasini ko‘rib, tahlil qilib, umumiy xulosalar chiqaring.

    Yangi resurslar haqida habardor bo‘lish!

    Tizimda amalga oshiriladigan yangiliklar va o‘zgarishlar haqida doimo xabardor bo‘lib borish uchun bizga o‘z email pochtangizni qoldiring. Yangi resurslar haqida xabardor qilamiz.